Deraza pardasi yelkanday shishdi,
Yana seni o‘ylab ko‘nglim uvishdi.
Seni olib ketdi qaysi daryolar?
Hamrohing bo‘ldilar qanday sabolar?
Xonamga nastarin bo‘yi bo‘yladi,
Sochlari rayhonim, seni o‘yladim.
Bo‘ying to‘kildimi olis bog‘larga?
Ko‘ngling ko‘nikdimi qarg‘a, zog‘larga?
Bu she’rda imon, e’tiqod, halollik yo‘liga tushgan solih inson ruhiy holati aks etgan. Lirik qahramon atrofidan ezgulik nishonalarini izlaydi va topolmagani uchun unga olam kir, sovuq, vayrona holida ko‘rinadi. Bu holat shoirni muvozanatdan chiqaradi, umidsizlantiradi. U olam tartibotining asosi, mavjudlikning mohiyati haqida og‘ir va xavotirli o‘yga botadi...