Sahifa yuklanmoqda . . .


Deraza pardasi

Deraza pardasi yelkanday shishdi,

Yana seni o‘ylab ko‘nglim uvishdi.

Seni olib ketdi qaysi daryolar?

Hamrohing bo‘ldilar qanday sabolar?

 

Xonamga nastarin bo‘yi bo‘yladi,

Sochlari rayhonim, seni o‘yladim.

Bo‘ying to‘kildimi olis bog‘larga?

Ko‘ngling ko‘nikdimi qarg‘a, zog‘larga?

 

Kaptarlar bir-birin suyib o‘pishdi,

Xayolim sen tomon qush bo‘lib uchdi.

Sen nechun ketding, men nechun ketkazdim?

Qanotimga o‘zim shikast yetkazdim.

 

Deraza raxiga boshimni qo‘yib,

O‘yladim, yomg‘irsiz o‘tdimi to‘ying?

Yig‘lamadim, faqat xo‘rsindim xolos,

Boladek jimgina o‘ksindim xolos.

 

1995


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 11-Iyulda yuklangan

109 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
deraza parda yelkan daryo sabo nastarin rayhon bog'lar qarg'a zog'lar
Muallif
Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

Batafsil


Yangi She'rlar Iqbol Mirzo She'rlari Iqbol Mirzo asarlari