Hayot juda go'zal. Yashamoq zavqli. Har bir nihoyaning ibtidosi bor. Qish qahratonidan so'ng bahor quyoshining zarrin yog'dusi olamni munavvar etib, dillarga hayot zavqini qaytaradi. Borliq nurlarga, gullarga va ko'm-ko'k maysalarga to'ladi. Maysalar qatida hayot toshadi. Maysalar bomba o'pqonlari-yu yong'in bo'lgan joylarni ham chetlab o'tmaydi. Borliqning barcha ayblarini yopib, odamlarga dunyoni yanada go'zal ko'rsatadi...
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, 20-yillarda mustamlakachi bolsheviklar tufayli o‘zbek yurti va o‘zbek xalqining boshiga tushgan falokatlarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Shoir bu balo-ofatlarni keltirgan, o‘lkamizni vayron etib, daryo-daryo qonlarni oqizgan yovuzlarni la’natlamaydi, ularga g‘azab va nafrat toshlarini otmaydi, balki mudhish tarixning shohidi sifatida yuragidan oqib turgan ko‘z yoshlari bilan tarix sahifalariga qayd etadi.