Sen bor eding. Meni kuzatding.
— Bolam, singib ketma shaharga,
Yurak bilan ko‘ksing bezadim,
Eslab turgin olis safarda.
Tillarimda ertak bo‘lding sen...
Tim qora osmonning oqardi yarmi,
Yulduzlar singidi, izi qolmadi.
Tanish daqiqalar, lahzalar seni
Eslashimga sabab bo‘la olmadi.
Olis qit'alarga cho‘zilgan yo‘llar,
Yillar xayolimdan o‘tmaydi bu kun.
Ayt menga, sershovqin, sovuq dunyoda
Nima eslamoqqa arzishi mumkin?
Tuproqday sochilgan qismatlarnimi,
Balki ilk odamzot bo‘lganin paydo?..
Doim yonma-yonmiz, hamroh kimdirga,
Kunning tonglarida, kechalarida.
Shahar yo‘llarini to‘ldirib birga,
Yolg‘izmiz umrimiz ko‘chalarida.
Gavjum bozorlarda, hiyobonlarda,
Tirband yo‘laklarda yonma-yon yurib.
Ulkan daryo kabi shovqin-suronda,
Qaylarga oqamiz turtib-turtinib.
Havo qorishtirar nafasimizni,
Izimizni yaqin qiladi tuproq...