Sahifa yuklanmoqda . . .
BOYSUN HAQIDA G‘AMGIN BALLADA YOKI
QAYTMAYDIGAN XOTIRALAR HAQIDA SHE’R
Shukur akaga
Sen bor eding. Meni kuzatding.
— Bolam, singib ketma shaharga,
Yurak bilan ko‘ksing bezadim,
Eslab turgin olis safarda.
Tillarimda ertak bo‘lding sen:
"Bor ekan-da,
Yo‘q ekan.
Och ekan-da,
To‘q ekan.
Ko‘rdim,
Kezdim, Boysunday joy
Bu olamda yo‘q ekan".
Hayron boqib do‘stu begona,
Xayolkash deb kuldilar ro‘y-rost.
— Boysun? Bunday joy yo‘q, devona,
U tushingga kiribdi, xolos.
Bu hukmga bo‘lmasdan rozi
Ertagimni kuyladim takror.
— Qulog‘imda hamon ovozi,
Ishoninglar, do‘stlar, Boysun bor!
Yuragimga sig‘madi sog‘inch.
Bo‘lmayin deb hijronda vayron —
Endi kuylay boshladim notinch:
— Boysun! Boysun! Boysun! Boysunjon...
Asta-asta, bir-bir etdi rom,
Yuraklarni ohangrabo kuy.
Dedilarki: — Qani, oshnajon,
Boysuningni bir ko‘rsatib qo‘y.
— Qani ketdik!
Shahri shovqinzor
Boshingizni qo‘ymish gangitib.
Hali ko‘rasizlar, Boysun bor!-
Peshvoz chiqar mehr anqitib.
Yo‘llar yurdik, tog‘lardan oshdik.
- Boysun qani? Boysun qayerda?
Bir kun qalbim sevinchdan toshdi,
Men yetgandim tug‘ilgan yerga.
Do‘stlar meni aylashar tabrik.
Men turibman beun, bag‘rim xun.
Og‘aynilar, qayerga keldik.
Ketib qopti Boysundan Boysun...
Men Boysunni izlayman hamon,
Ba’zan pinhon yig‘layman she’rga.
Qayerlarga ketding, Boysunjon,
Bizning Boysun qani, qayerda?
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).