Sahifa yuklanmoqda . . .
S - Asarlar - s so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Olam sardaftari – ishqning imlosi, Yoshlik qasidasin jilva-ziyosi. Ey ishq olamidan xabarsiz, bilgil, Ishq emasmi axir hayot ma’nosi?!
Manzilimiz ekan bevafo olam, Tinmayin istadim kamoli odam. Sening yonog’ingdek oyni ko’rmadim, Qadding misoli sarv topmadim, sanam.
Begona ham vafo qilsa, jigar menga, Qarindoshim jafo qilsa, digar menga. Zahar dardga davo bo’lsa, taryokdir ul, Asal agar yoqmas ekan, zahar menga.
Misoli bir oltin ko’za bu dunyo, Suvi goho shirin, achchiqdir goho. Shuncha umrim bor deb kerilma aslo, Egarloqdir ajal oti doimo.
Ariq labidagi har giyoh, ko’kat, Malakday go’zalning yuzidagi xat. Bu sabza loladay yuzlar tuprog’i Sabzaga avaylab oyoq qo’y g’oyat.
O’z istaging bilan yashaysan bir dam, Shod o’tkaz qilsalar ham senga sitam. Jononlar bilan bo’l, tanang asosi Shamol-u tuprog’-u uchqun ila nam.
Soqiy lablaridan rang olmish yoqut, G’ami dilga quvvat, jonga berar qut. Ishqi to’fonida kim g’arq bulmadi, Go’yo Nuh kemasi unga bir tobut.
Azaldan yozilgan emish peshonam, Ne bor ekan unda: Jannat? Jahannam? Ustod menga dedi: “Qazo-vu qalam Jannat, Do’zax – bari senda jamuljam”.
Bor narsadan qo’lda qolgani shamol, Bor narsa yo’qolur, bo’lur poymol. Bor narsani yo’qqa hisob etaver, Yo’q narsani bor deb etgil ehtimol.
Haqiqat niholin o’stirmas gardun, Xohi befarq bo’lgil, xohi ko’p kuyun. Falak aylanishi o’zgarmas jindek, Bugunni kecha bil, ertani bugun.
“Ilohiyot ilmin o’rgat” dedi dil, Agar o’zing bilsang, menga bayon qil. “Alif” degan edim, “Bas” dedi menga, “Bir harf ham yetadi, kim bo’lsa oqil”.
Boda ichgil, mulki Mahmud mana shu, Chang eshitgil, bazmi Dovud mana shu. Kelib-ketishingdan gapirma endi, Umringni shod o’tkaz – maqsud mana shu.
Mast qo’liga tushsa piyola, aslo Uni sindirmoqni ko’rmaydi ravo. Shuncha nozaninlar qo’l, bosh chanog’in Kim sindiradi? Kim bergandi oro?
Sening isbotingga yetmaydi aqlim, Noming takroridan bo’shamas tilim, Zotingni men qanday bila olamen, Uni bilur sendan o’zga yana kim?
Nokasdan sir berkit – tilingni bog’la, Ablahdan yashirin bo’lmoqni chog’la, Kimliging bilgali insonlarga boq, Ko’zing ko’rganidan qadring so’roqla.
Kimdaki aqldan biror satr bor, Umrin bir lahzasin o’tkazmas bekor, Yo xudo karamin istab o’tadi, Yo rohatin ko’zlab may ichar bisyor.
Urindim qo’yay deb suv uzra g’ishtni, Butxona istamas bu xil xohishni, Ey Xayyom, kim aytar do’zaxiysan deb, Kim borib ko’ribdi Do’zax-Behishtni?
Muhaqqiq nazdida xush-badsurat bir, Oshiq manzilida do’zax-jannat bir. Bedillar libosi atlasmi-palos, Oshiqlar yostig’i par, g’isht, ko’kat – bir.
Bir dono komi-la charx aylanmaydur, Sonini sakkiz de – yetti baribir. O’lgach-ku qolmaydi orzung, tanangni Go’rda chumoli yer yo qirda qashqir.
Tokay butxona-yu masjiddan deysan, Tokay Jahannam-u Behishtdan deysan, Taqdir lavhasin ko’r, qalam ustodi Bo’lar ishning barin o’shanga chekkan.
Masjid-u butxona, Ka’bada yohu, Jannatdan umid-u do’zaxdan qo’rquv, Faqat dunyo sirin anglagan qalbdan Abadiy quvilmish bu tashvish, qayg’u.
Seni yetaklasa havom-u havo, Mendan xabar ol der dili benavo. Nazar sol: o’zing kim va qaydan kelding, Bil, qayga ketursan, boshda ne balo.
Yo’qlikdan kelgandir bu bahri vujud, Tahqiq durrin hech kim terolmas xushnud, Har kim har xil so’z der – o’ziga monand, Haqiqat so’zini aytmoqqa noshud.
Bu kajraftor osmon qilmishi nosog’, Qilgani bormi hech kimsa dilin chog’? Dunyoda kimniki ko’rma, dog’ dili, Falak esa qo’yar dog’ ustiga dog’.