Yoshlikni sog'inmagan kishi bormi bu olamda? Ayni gullagan davrini allaqanday sog'inch va azob bilan xotirlamagan odam-chi? Yoshlik - bu inson hayotidagi shu qadar go'zal, shu qadar jo'shqin bir davrki, inson uning bag'rida bo'lgan damlarida kechayotgan lahzalarni his etmaydi. Shu tariqa yillar ko'z yumib-ochguncha bir-birini quvlashib o'tib ketadi-yu, insonga yoshlikdan faqat olis va nurli xotiragina qoladi, xolos. She'r uzoqlarda qolgan yoshligini qo'msayotgan insonning ko'ngil nolasidir...
Tongda bulut ko’zidan
Yoshlar oqizdi tim-tim.
Shu yomg’irdek tomchilab
O’tib bormoqda umrim.
Kunlarga tuzoq qo’yib
Topolmadim saydimni.
Har behuda yumushim
Oshkor qilar aybimni.
Chechaklarga she’r o’qib,
Daraxt sochin taradim.
Ko’zingizga so’nggi bor,
Ona, qachon qaradim?..