Sahifa yuklanmoqda . . .
Tongda bulut ko’zidan
Yoshlar oqizdi tim-tim.
Shu yomg’irdek tomchilab
O’tib bormoqda umrim.
Kunlarga tuzoq qo’yib
Topolmadim saydimni.
Har behuda yumushim
Oshkor qilar aybimni.
Chechaklarga she’r o’qib,
Daraxt sochin taradim.
Ko’zingizga so’nggi bor,
Ona, qachon qaradim?
Oftobalar qo’limni
Unutgandir-a butkul.
Ota, qaysi tomonda
Uyimizga borar yo’l?
Quyosh aksin chizadi
Pokiza yuzingizga.
Nimadir kamlik qilar
Qishloqi qizingizga.
Sochpopuk taqay, desam,
Kaltalabdi sochlarim.
Ayvonimni tanimay
O’tar qaldirg’ochlarim.
Ko’zimdagi qirovlar
Bormay yuragimgacha,
Qishloqqa eltar yo’lni
Qidirib chiqdim kecha.
Yo’lga qo’ygan ushog’im
Yeb ketibdi och qushlar.
Yuragim tomon yo’lni
Ko’rsatar faqat tushlar.
Ota, topdim nihoyat,
Ko’nglim ungan manzilni.
Ona, kechirarmisiz
Yuragi toshdek zilni?
Qo’lingizdek qalbimning
Har tomoni qadoqli.
Shuncha izlab topmadim
Mehri sizdek ardoqli.
Tongda bulut ko’zidan
Yoshlar oqqandi tim-tim.
Shu yomg’irdek tomchilab
Mehrga cho’mdi umrim!
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.