Ma’shuqaning e’tiborsizligi, noz-u adolari sabab hijron azobidan aftoda holga kelgan oshiqning chegara bilmas iztiroblari, nolalari o‘ta ta’sirchan aks ettirilgan bu she’rning oltinchi baytida nafaqat shu g‘azalning, balki shoir ijodining mohiyati aks etadigan fikr aytiladi…
Mazkur g‘azalda jafokash yordan shikoyat, u bergan azoblardan zorlanish g‘oyat o‘ynoqi yo‘sinda ifodalanadi. Aks ettirilayotgan hayotiy holat, ruhiy vaziyatning zalvori bilan ifoda tarzining yengilligi o‘rtasidagi ziddiyat she’rning ta’sir kuchini oshiradi.
Navbahor-erta ko‘klam, borliqning endigina uyg‘ona boshlagan payti. Tabiatning shu palladagi ko‘rinishi shoirni hayajonga soladi, u poetik so‘z yordamida ko‘klamning tarovatli manzarasini chizadi. Lekin shoir uchun atrof go‘zalligining o‘zi kifoya emas. U shunday damlarda yaqin kishilar bilan bo‘lgisi keladi…