Sahifa yuklanmoqda . . .
Xos ruboiylar - Ruboiy sharq she’riyatida keng tarqalgan she’r turlaridan bo'lib, ularda shoirning hayot haqidagi teran mushohadalari, ichki kechinmalari, ibratli xulosalari va pand-nasihatlari ifodalanadi. Ushbu to'plamdan o'zbek mumtoz adabiyotining eng sara xos ruboiylari o'rin olgan.
Do’zax-u jannatni kim ko’rgan, ey dil? U dunyo xabarin kim bergan, ey dil? Qo’rquv-umidimiz shulardan, ammo Nom-u nishonasin kim bilgan, ey dil?
Bu bexabar dil ham tegdi-ku jonga, Sitamidan jonim keldi fig’onga, Olamga baribir bor-u yo’qligim, Bas, men nima uchun keldim jahonga?
Mug’ona bodadan mast bo’lsam bordir, Oshiq-u rind, butparast bo’lsam bordir, Har kim meni har xil gumon qiladi, Qandayligim faqat menga oshkordir.
Qani ul sirdosh do’st – sir aytsam bir dam, Azalda qandayin bo’lgani odam: Jafo-yu qayg’udan qorilgan loyi, Bir yo’l jahon kezib, tez uzdi qadam.
Kecha sharob izlab bosar edim yo’l, Yo’lda yotar o’tda qovjiragan gul, Dedim: “Gunohing ne – kuydiribdurlar?” “Bir nafas chamanda kuldim”, dedi ul.
Afving bor – gunohdan qo’rquv bilmayman, Rizq berding- yo’l ranjin ko’zga ilmayman, Rahmingdan oq yuz-la tursam Mahsharda, Nomim qora deya tashvish qilmayman.
Boshqalar boshidan nechuk aylanay, Yo yangi sevgini boshlayin, qalay, Ko’zimdan duv oqqan yoshim qo’ymagach, O’zga yor husniga qandoq bog’lanay?
Nafsim-la jangdamen doim, ne qilay? Shul dard-la o’tar yil-oyim, ne qilay? Deylik, karam-la afv etarsen, lekin Uyatdan o’lurmen, Xudoyim, ne qilay?
Tuproqda yotishar uyqu bosib ho’p, Yer ostida nihon misoli bir cho’p, Yo’qlik sahrosiga boqibon ko’rdim Unda kelganlar-u kelmaganlar ko’p.
Ajal bosh egdirsa, bo’lmasa chora, Dastidan tan-u dil bo’lsa yuz pora, Tuprog’imdan faqat ko’za yasangiz, Mayning hidi tegib, tirilsam zora.
Olam tuzog’idan ozod emasmiz, Bir nafas olmoqdan hech shod emasmiz, Hayotga ko’p shogird bo’ldig-u hanuz Dunyoning ishiga ustod emasmiz.
Ey charx, gardishingdan emasman xursand, Ozod et, yarashmas menga hech bul bad, Nodon, noahilga gar karam qilsang, Men ham emasman-ku ahli donishmand?
Ey tun-kun dunyoga ko’z tikkan kishi, Aqlingni jo’ymasin dunyo tashvishi, Axir esingni yig’, hushyorroq bir boq, Nedir boshqalarga uning qilmishi.
Kimga ma’lum bo’lsa jahonning siri, Quvonch-u g’am – farqsiz biridan biri. Chunki o’tmay qolmas yaxshi ham yomon, Xoh bari dard bo’lsin, xoh darmon bari.
Bu bepoyon osmon holidan oson Xabar topdi faqat ikki tur inson: Yo yaxshi-yomondan xabardor olim, Yo o’zin bilmas mast – aqli parishon.
Bir so’ngakka sordek qanoat qilg’on, Afzaldir nokasga bo’lgandan mehmon, Nokasning shinnilik nonidan yaxshi O’zing topib yegan burda arpa non.
Yo Rab, asir dilimga rahmat bag’ishla, Siynam - g’am sohilimga rahmat bag’ishla, Mayxonaga yugurgan oyog’im kechir, Qadahgir qo’limga rahmat bag’ishla.
G’urur libosini yechibon tezroq, Suratingga emas, siyratingga boq, Mag’rurlik dilingda bo’lmog’i darkor, Uvadada sulton nog’orasin qoq.
Kechagi kuningni aylamagil yod, Ertang kelmay turib etma ko’p faryod, O’tgan, kelmaganga qayg’urmoqni qo’y, Quvnoq bo’l - umringni qilmagil barbod.
Dardga chalinmish bu dili vayronam, Ishqdan uyg’onmadi sarmast jononam, Oshiqlik sharobin berganlari kun, Jigarim qoni-la to’ldi paymonam.
So’zimga quloq os, ey do’sti a’lo, Dunyo ishlarini o’ylama aslo, Qanoat go’shasin aylabon makon, Olam ishlarini qilgil tomosho.
Tangri, o’zing shunday yaratding meni, May-u cholg’uchiga qaratding meni, Azalda shu xilda yaratib qo’yib, Nechun do’zaxingga qulatding meni?!
Vujudimizgaki, ne naqsh solibsen, Yuzlab ajoyibot bizdan olibsen, Men bo’la olmayman bundan yaxshiroq, Yasashda sen o’zing shundoq qilibsen.
Koshki umid shoxidan meva terolsam, Yo kalavam uchini topib berolsam, Bu vujud zindonidan yo’qlik soriga Eshik ochib, qadamim dadil qo’yolsam.