Sahifa yuklanmoqda . . .
Umar Xayyom Taronai ruboiylari - Ruboiy sharq she’riyatida keng tarqalgan she’r turlaridan bo'lib, ularda shoirning hayot haqidagi teran mushohadalari, ichki kechinmalari, ibratli xulosalari va pand-nasihatlari ifodalanadi. Ushbu to'plamdan o'zbek mumtoz adabiyotining eng sara taronai ruboiylari o'rin olgan.
O’rdak baliqqa der: “Oqib ketgan ob Qaytib ariq yana bo’lurmi, ko’lob?” Ul deydi: “Men-u sen bo’lurmiz kabob, So’ng ne foyda, dunyo daryomi, sarob?”
Misoli bir oltin ko’za bu dunyo, Suvi goho shirin, achchiqdir goho. Shuncha umrim bor deb kerilma aslo, Egarloqdir ajal oti doimo.
Azaldan yozilgan emish peshonam, Ne bor ekan unda: Jannat? Jahannam? Ustod menga dedi: “Qazo-vu qalam Jannat, Do’zax – bari senda jamuljam”.
Qolipdan tushganda loyimiz azal, Fe’limizda bo’lsa har nechuk amal, Bo’la olurmidim men undan afzal, Azalda barchasi berilmish tugal?
Bu olam surati bari naqsh, xayol, Olim ulmas – kimki tushunmas ne hol, Bir kosa may ichib, hushing yig’ib ol, Bu naqsh-u xayoldan forig’ bo’l darhol.
Yaxshi nom-la mashhur bo’lmoq yaxshidur, Dema, charxdan ranjur bo’lmoq yaxshidur, Tok suvidan maxmur bo’lmoq yaxshidur, Dema, zuhddan mag’rur bo’lmoq yaxshidur.