Ortda qolgan yoshlik xotiralarining sog'inchli yodi yanglig' yangrovchi mazkur she'rda pokiza xayollar, yuksak va beg‘araz orzularga hamdam hissiyotlar juda obrazli ifodalangan. Uzilgan yaproqni shamollar chirpirak qilib o‘ynaganidek, xazon bo‘lgan yoshlik ham shamolning yo‘q oyoqlari ostida sinadi. Eng qayg'ulisi, «Sarg‘ar»gan va «to‘kilgan» faqat yoshlik og‘ochining yaprog‘i emas, balki ikki qalbni bog‘lab turgan tuyg‘ular ham edi. Ammo ikki qalbga taskin beradigan bir narsa bor: «Har qalay oldinda bordir so‘nggi yo‘l, Toki yetguningcha xotirot o‘lmas». So‘nggi yo‘l-o‘lim. Sevgining o‘limi-qalbning o‘limi. Yurakning o‘limi esa, inson tirikligiga tirikligida qo‘yilgan nuqtadir.