Ushbu she'rda sokingina umr kechirib, hamma narsaga sekin-astalik bilan erishgan insonning ko'ngil kechinmalari yoritilgan. Lirik qahramon: "Muhabbat ham hayallab keldi menga, aqlni ham kech yig'dim, bilimni ham asta orttirdim, tajribani ham uzoq vaqtda yig'dim, shu tariqa shoshilmaslikka o'rganib ketdim. Endi qarilik, xastalik va o'lim ham shoshilmasa yaxshi bo'lardi", der ekan, uning ichki dunyosi naqadar toza va go'zal ekanligiga guvoh bo'lib, ko'nglingizda bu insonga nisbatan yaqinlik tuyasiz.
"Sobiq" hikoyasida yozuvchi jamiyatimizda, halol kishilarning xatti-harakatlarida paydo bo‘layotgan dabdababozlik, nozarur yumushlarga chalg‘ib, kulgili vaziyatlarga tushib qolishi kabi nuqsonlar ustidan yengil kuladi. Katta maqsadlar yo‘lida intilayotgan yaxshi bir mehnatkash insonni asrab-avaylash, uning kuchidan oqilona foydalanish, har bir odam o‘z o‘rnida bo‘lib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi lozimligi kabi masalalar hajviy yo‘sinda tasvirlangan vaziyatlar orqali anglashiladi.