Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.
Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".