Ishqi ilohiy, shoir Mashrab o'zi iqror bo'lganidek, unga dunyoga kelgan kunidan beri hamroh edi. Bu ilohiy tuyg'u bilan u dunyo kezdi, sarsonlik va malomat o'qlariga nishonlik azobini totdi va hatto dor ostiga bordi. Ammo buning uchun dilida zarra qadar o'kinch va pushaymonlik tuymadi, aksincha, uning dard-u fikri faqat Yor vasliga yetmoq bo'ldi. Ushbu muxammas ham shoirning o'z sevganiga murojaati - munojotidir.
Bobur -hamma mutafakkirlar singari olam, odam va ularning sirlari haqida ko’p o’ylaydigan kishi. O’zi komillik yo’liga tushgan bir solik sifatida o’zgalardan ham yuksak ma’naviy sifatlarga egalik, baland odamgarchilik kutadi. Ammo hayotning o’yinlari ham shundaki, kutilgan ezgu mo’ljallarga kamdan-kam hollardagina erishiladi. Bu hol ta’sirchan, shoirona qalbdan ushbu norozilik otilib chiqishiga sabab bo’ladi...