Hayot juda go'zal. Yashamoq zavqli. Har bir nihoyaning ibtidosi bor. Qish qahratonidan so'ng bahor quyoshining zarrin yog'dusi olamni munavvar etib, dillarga hayot zavqini qaytaradi. Borliq nurlarga, gullarga va ko'm-ko'k maysalarga to'ladi. Maysalar qatida hayot toshadi. Maysalar bomba o'pqonlari-yu yong'in bo'lgan joylarni ham chetlab o'tmaydi. Borliqning barcha ayblarini yopib, odamlarga dunyoni yanada go'zal ko'rsatadi...
Bu she’r ham bolalik xotiralari bilan hayotiy kuzatishlarning uyg‘unligi asosiga qurilgan. Lirik qahramon – yosh yigitcha, chor atrofda bahoriy iliqlik kezgan nahor pallasi - erta tongda qishlog‘idagi jar ustiga qurilgan osma ko‘priklardan o‘tib, o‘t-o‘lanlari toptalmagan qirlariga oshiqadi. Undagi ko‘katlar bargida, nihollar kurtagida, g‘o‘za yaproqlarida inj-u dur-marvarid misol yaltirab, jilvalanib turgan shudringni kuzatadi…