Sahifa yuklanmoqda . . .


O‘rdadagi ko‘prik ustida...

O‘rdadagi ko‘prik ustida
Kuzak bilan keldim ro‘baro‘.
Qarab qoldim uning yuziga,
Yuragimda ming og‘riq, ming o‘y.
Tosh sohillar aro sirg‘anib,
Poyimizda oqardi anhor.
Men o‘yladim, qaydadir yonib
Meni sog‘inguvchi onam bor...
Parcha bulut yotardi bejon
Olisdagi falak toqida.
Men kuz bilan turib yonma-yon
Xayol surdim onam haqida.
Bir navbahor quyoshga kulib,
Chayqalganda sarxush dalalar,
Shiddatimdan quchog‘i to‘lib,
Olib ketdi meni jalalar.
Men yosh edim. Tushunmasdim hech
Bu baxtmi, yo hayot zarbasi?
Ilg‘amadim onam ko‘zida
Lipillagan xazon sharpasin.
Men — qo‘shiqning qudratin sezgan,
O‘zin daho bilgan bolakay,
Nogoh hijron chaqmog‘i ezgan
Onamga ham ketdim qaramay.
Tanimasdim u payt kuzakni,
Tiriklikka — gulga edim o‘ch.
O‘rdadagi ko‘prik ustida
Bugun nogoh unga keldim duch.

She’r uchunmas, volidam uchun
Ko‘zlarimdan yoshim quyildi.
Suv yoqalab, qo‘lida tugun —
Onam kelayotganday tuyuldi...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

43 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
o'rda ko'prik ona sog'inch tugun anhor sohil yurak
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari