Sahifa yuklanmoqda . . .
K - Asarlar - k so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Misoli bir oltin ko’za bu dunyo, Suvi goho shirin, achchiqdir goho. Shuncha umrim bor deb kerilma aslo, Egarloqdir ajal oti doimo.
Ariq labidagi har giyoh, ko’kat, Malakday go’zalning yuzidagi xat. Bu sabza loladay yuzlar tuprog’i Sabzaga avaylab oyoq qo’y g’oyat.
O’z istaging bilan yashaysan bir dam, Shod o’tkaz qilsalar ham senga sitam. Jononlar bilan bo’l, tanang asosi Shamol-u tuprog’-u uchqun ila nam.
Soqiy lablaridan rang olmish yoqut, G’ami dilga quvvat, jonga berar qut. Ishqi to’fonida kim g’arq bulmadi, Go’yo Nuh kemasi unga bir tobut.
Haqiqat niholin o’stirmas gardun, Xohi befarq bo’lgil, xohi ko’p kuyun. Falak aylanishi o’zgarmas jindek, Bugunni kecha bil, ertani bugun.
Boda ichgil, mulki Mahmud mana shu, Chang eshitgil, bazmi Dovud mana shu. Kelib-ketishingdan gapirma endi, Umringni shod o’tkaz – maqsud mana shu.
Xayyom, gunohim deb motam nechun, xo’sh? Foydasiz ko’pmi-oz bu g’am nechun, xo’sh? Gunohni kechishga karami bor-ku, Hech gunoh bo’lmasa, karam nechun, xo’sh?
Sening isbotingga yetmaydi aqlim, Noming takroridan bo’shamas tilim, Zotingni men qanday bila olamen, Uni bilur sendan o’zga yana kim?
Nokasdan sir berkit – tilingni bog’la, Ablahdan yashirin bo’lmoqni chog’la, Kimliging bilgali insonlarga boq, Ko’zing ko’rganidan qadring so’roqla.
Kimdaki aqldan biror satr bor, Umrin bir lahzasin o’tkazmas bekor, Yo xudo karamin istab o’tadi, Yo rohatin ko’zlab may ichar bisyor.
Urindim qo’yay deb suv uzra g’ishtni, Butxona istamas bu xil xohishni, Ey Xayyom, kim aytar do’zaxiysan deb, Kim borib ko’ribdi Do’zax-Behishtni?
Muhaqqiq nazdida xush-badsurat bir, Oshiq manzilida do’zax-jannat bir. Bedillar libosi atlasmi-palos, Oshiqlar yostig’i par, g’isht, ko’kat – bir.
Bir dono komi-la charx aylanmaydur, Sonini sakkiz de – yetti baribir. O’lgach-ku qolmaydi orzung, tanangni Go’rda chumoli yer yo qirda qashqir.
Masjid-u butxona, Ka’bada yohu, Jannatdan umid-u do’zaxdan qo’rquv, Faqat dunyo sirin anglagan qalbdan Abadiy quvilmish bu tashvish, qayg’u.
Yo’qlikdan kelgandir bu bahri vujud, Tahqiq durrin hech kim terolmas xushnud, Har kim har xil so’z der – o’ziga monand, Haqiqat so’zini aytmoqqa noshud.
Bu kajraftor osmon qilmishi nosog’, Qilgani bormi hech kimsa dilin chog’? Dunyoda kimniki ko’rma, dog’ dili, Falak esa qo’yar dog’ ustiga dog’.
Rizqingni oshig’-u kam qilib bo’lmas, Oz-ko’p deb ko’ngilga g’am qilib bo’lmas, Bu ishlar sen-mening qo’limizdagi Mum emas-da, ezib, ham qilib bo’lmas.
Qismating azaldan yozganmish xudo, Uni qilolmaysan ko’p-u kam aslo. Demakki, boringdan bo’lgil xotirjam, Yo’qni o’ylab kuyma, qilma vovaylo.
Ketishdan qo’rqmaymen men bu dunyoda, Chunki u dunyoda umrim ziyoda, Vaqti yetgach, tanda omonat jonni Topshirayin – shunday bo’lgach iroda.
Sabab sahrosida kimki sargardon, Ishlarin uningsiz yuritar Yazdon, Bu kun bir bahona o’rtaga tashlab, Erta bajo bo’lur taqdiri osmon.
Falak arg’umog’in egarlagan kun, Yasatilganida Mushtariy, Parvin, Nasibamizni ham bitgandi qazo, Qismatimiz o’sha – bo’lma jigarxun.
Do’st-u yaqinlarim bir-bir ketdilar, Ajaldan tuproqqa kirib bitdilar, Umr majlisida ichdik bir quri, Avvalroq mast bo’lib bari yitdilar.
O’zni dono bilgan u uch-to’rt nodon Eshak tabiatin qilur namoyon. Bular suhbatida sen ham eshak bo’l, Bo’lmasa, kofir deb qilishar e’lon.
Zuhd ahlin riyoga etdilar mahkum, Tanani etdilar jonidan mahrum, Boshimga xo’rozning tojisi kabi Arra qo’ysalar-da men quyaman xum.