1942-yil. Ayni urush zabtiga olgan mahallar. Oybek ham barcha vatanparvar insonlar qatori yurt uchun kurashmoqni o'z burchi deb bildi va chinakam qahramonlik namunasini ko'rsatdi. Jang maydoni manzarasi shoirning nozik qalbiga qattiq ta'sir qilgani ayon, ammo u shunday damlarda ham o'z tabiatiga sodiq qoldi. Ushbu she'r ayni jang maydonida yozilgan bo'lishiga qaramay, undagi tuyg'ularning beg'uborligi va ifodaning nafisligi o'quvchini o'ziga rom etadi.
Chinakam shoirlar dunyoga boqar ekan, boshqalar payqamagan narsalarni payqab, anglamagan haqiqatlarni anglab, his etmagan tuyg'ularni his etmoqqa qodir bo'ladilar. Xususan, mazkur she'rda ham oddiygina manzara - tog'da gullagan bir tup na'matakka boqib, shoirning dilidan o'tgan kechinmalar, u topgan badiiy kashfiyot - betakror go'zallikni ko'rib hayratda qolmaslikning iloji yo'q.