Ushbu she'rda insonning yurak qatlarida bo'ladigan, hatto eng yaqin do'stga ham aytish, tushuntirish imkonsiz bo'lgan hislar juda ta'sirchan va sof holda ifoda etilgan. Alloh qaysidir bandasiga ulkan dard - shoirlik qismatini berar ekan, unga shu dardni ko'tara oluvchi ulkan yurak ham beradi. Binobarin, bunday ulkan yurak bilan inson kichikkina qishloqqa sig'maydi. U bu yerdan ketishga majbur. Ammo qayerga bormasin, dasht - vatani unga hamisha hamrohlik qiladi...
Usmon Azim she'riyatida balladalar alohida o'rin tutadi. Ammo ushbu ballada o'z nomiga mos ravishda o'z beshafqatligi bilan ajralib turadi. U beshafqat hayotning beshafqat manzarasi haqida. To'y. O'rtada raqqosa muqom qilmoqda. Hayo, or, nomus, sharm bu manzilga begona. Faqat ichkilikbozlik, pul, qo'shiq, soxta noz-u ishvalar. Agar ayol kishi erkak zotining nomusi bo'lsa, ushbu jirkanch bozorda nomusni pulga sotayotgan raqqosaga "To'xta!" deyuvchi biror-bir erkak topilmaydi...