XX asr. Qanchadan qancha kashfiyotlar, qanchadan qancha ixtirolar, qanchadan qancha o'zgarishlar davri! XX asr. Qanchadan qancha yovuzliklar, qanchadan qancha qonxo'rliklar, qanchadan qancha xunrezliklar davri. Bu asr katta taraqqiyot va tanazzul olib keldi insoniyatga. Insoniyat bu davrda juda ko'p narsa topdi va yo'qotdi. Ushbu she'r o'tgan asrning butun saodati va fojiasini ko'rsatib beruvchi yorqin ko'zgudir.
She'rda qalbning mo'jizakor xislatlari tasvirlanadi. Darhaqiqat, ko'ngil o'z bag'rida dahshatli dolg'alar silsilasini saqlovchi ummon, o'z qa'rida vulqonlarni berkitgan zamin, u bir o'zga olam, butun boshli sayyora. Ammo... ammo uni o'z mehvaridan chiqarib yubormoq uchun atom jangi shart emas, birgina o'ylamay aytilgan kalom ham uni vayron qilishi mumkin!