Ushbu she'r javobsiz muhabbat haqida. Yigit qiz ko'yida sarson-u mubtalo, uning bir nigoh tashlashiga mushtoq. Ammo qiz juda chiroyli, go'zal, mag'rur, xotirjam, sokin, sipo, beparvo, vazmin va osuda. Qalbida ming tug'yonlar bo'lsa-da, dilida vulqon, qonida to'fon uxlasa-da, o'zini beg'am-betashvish tutadi. Yigit sho'rlik tashvishda: bekor unga ko'ngil berdimmi, endi bechora hislarim shamollarda qolib sovriladimi deya...
Usmon Azim uchun shoirlik kasb emas. U shoir zimmasida juda katta mas'uliyat bor deb hisoblaydi. Uning nazarida, shoirning vazifasi faqat uch-to'rt so'zni qofiyalab qo'yish, bir-ikki kitob chop ettirishdan iborat emas. Shoir butun dunyoning dardini terib ketmog'i lozim. U bir daqiqaga bo'lsin, o'z jonini, huzur-halovatini o'ylashga haqqi yo'q. Shoir bu dunyo uchun butun dunyo ahlini uyg'otishga qodir bo'lgan bir qo'shiq berishi lozim. Shundagina u shoir degan nomga munosib bo'ladi.
Ushbu g'azal favqulodda tasvirga ega. Odatda, she’riyatda inson xatti-harakat va ruhiy holatlarni tabiiy hodisalardan o’rganganligi tasvirlanardi. Bu o’rinda kutilmagan badiiy holat yuzaga keladi. Ya’ni tentaklik daryosi tug’yonni, toshqinni, guvillashni she’r qahramonidan o’rganganligi tasvirlanadi. Shu tariqa baytma-bayt fikrni rivojlantirib borgan shoir so'nggi baytda mumtoz ishqiy lirika tajribasida kamdan-kam bo’ladigan holatni beradi. Ya’ni oshiq dardiga davo topganini ifoda etadi...