Ushbu she'r shoirning Ka'batullohga qilgan muborak haj safari taassurotlari mahsuli bo'lib, u Yaratganga munojot tarzida bitilgan. Unda muallif Allohdan nafaqat o'zi uchun, balki o'z eli-yurti uchun mag'firat va madad tilaydi. Agar she'rni sinchiklab o'qisangiz, unda shoirning hech kimga aytmagan ichki dardlari ham yashirin ekanini his qilishingiz mumkin.
Shoir «O‘gut»da o‘zi va millati dardlariga najot topganday bo‘ladi. Bu najot - xalqning og‘ir-vazmin, mulohazakor, biroq ko‘zlari yoniq farzandlari - yigitlaridir! Bu yigitlarning nurli ko‘zlarida shoir millatning ertangi kunini, baxt-u iqbolini ko‘radi. Zero, har qanday xalqning kelajagi uning bag‘ridan yetishib chiqajak avlodga, bu avlodning millat orzularini qanchalik chuqur anglashiga bogliqdir.