Sahifa yuklanmoqda . . .
Men senga osmonni keltirdim, sevgim,
Anov ikki to‘zg‘in buluti bilan,
Nimta oyi bilan,
Hududi bilan —
Men senga osmonni keltirdim, sevgim.
Men senga bahorni keltirdim, sevgim,
Yomg‘irlari bilan,
Sellari bilan,
Gullarni uyg‘otgan yellari bilan —
Men senga bahorni keltirdim, sevgim.
Men senga saodat keltirdim, sevgim,
Ko‘ngling ravshan bo‘lsin —
Chirog‘i bilan,
Bedorligi bilan,
Charchog‘i bilan —
Men senga saodat keltirdim, sevgim.
Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim.
"Mana, olgin, dedim,
Hamma narsa taxt —
Mana bu mehrdir,
Mana bu-chi — baxt..."
Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim.
Sevgilim, podshohlar senday saxiymas —
Menga bahori yo‘q kuz keltirding sen.
Yana osmoni yo‘q ro‘z keltirding sen,
Sevgilim, podshohlar senday saxiymas.
Qatra iqboli yo‘q kuz keltirding sen.
Endi ikkimizda hamma narsa bor!
Qani, ketdik, jonim,
Bel bukilguncha,
Tomir uzulguncha,
Jon to‘kulguncha...
Yashashga iqrormiz, o‘limga iqror.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).