Xorijiy safar taassurotlari asosida yaratilgan bu she’r qaramlikka, mutelikka qarshi o‘tkir aybnoma kabi yangraydi. Faqat bugina emas, unda qaramlik dunyosining shafqatsizligi-tirikchilik, kundalik hayot tashvishlari tirik mavjudotni, odam zotini ne ko‘ylarga solishi ramziy tarzda butun dramasi, keskinligi bilan ko‘rsatiladi. She'rni o‘qib, alam-iztirob bilan qalamga olingan hodisa, ya’ni to‘qaylar podshohi arslonni charsillab yonib turgan olov halqa ichidan sakrab o‘tishga majbur qilgan, sher zotini masxaraboz qo‘liga berib, gumroh tomoshabin-olomon uchun ermak-tomoshaga aylantirgan kuch nima, degan savolga o‘zingiz javob topasiz.
Noan'anaviy mavzuda bitilgan noan'anaviy she'r. Unda shoir dastlab bir qiziq savolni o'rtaga qo'yadi: "Qarsak nima o'zi?" Javob yanada g'ayrioddiy: "Ikkita kaftning
orasidan potrab chiqadigan sas". Shu xolos. U qarsak chalinuvchining buyuk insonligini ham, aytilgan gapning olamshumulnigini ham anglatmaydi. Chinakam shoir qarsaklar-u shuhrat uchun emas, xalq uchun so'zlaydi. Biroq ming afsuski, hozir "Vijdonsiz shoirlar ko‘paygan juda". Ularga esa maqtov u yoqda tursin, qarsak ham uvol...