Sahifa yuklanmoqda . . .


Yosuman parda

Berilib tortasiz yonoqqa yolqin —
Ko‘zgu qarshisida — sochingiz yoziq.
Baxmal vujudimni ko‘tarib tolg‘in,
Men shiftga sahardan turibman osiq.

Sahnani sevasiz siz ham, sevasiz,
Kiyasiz eng go‘zal ko‘ylagingizni.
Chiroqlar o‘chganda titroq sezasiz,—
Yig‘ib ololmassiz o‘ylaringizni.

Besabr qarsaklar chalasiz yana,
Yuzimga urilar shundoq zarblari.
Siz meni ko‘rmaysiz qorong‘ulikda —
Sahnadan ulkandir mening dardlarim.

Sahnani sevolmas hech kim men kabi!—
Men uni asradim — o‘zimni osdim!—
Yalong‘och qolmasin birovning qalbi,
Yo biror nafislik bo‘lmasin bosqin.

O, sahna — bevafo — buyuk olifta!
Har oqshom,
Har oqshom u meni sotdi.
Keraksiz buyumday itqitdi shiftga,
Yo ikki tarafga ayamay otdi.

Qarang — siz ko‘rasiz — axir, oshiqsiz!—
Har nozik ipimda to‘lg‘ongan g‘amni.
Bunda chidab bo‘lmas telbakor ishqsiz,—
Mening bu yashashim Laylidan kammi?

Eng sara gullarni terib kelgansiz,
Sahnaga muqaddas ixlosingiz ko‘p.
Jonim, bir dahshatni ammo bilmaysiz,
Bunda Hamlet ham yo‘q, Alpomish ham yo‘q.

Bu siru asrorini asradim pinhon,
Sevmoqlik — mahkumlik,
Mahkumlik — ro‘zim.
Siz bilan bu kecha tortishga afg‘on
Men o‘zim yarayman,
Faqat bir o‘zim!

Sahnani sevaman. Og‘irdir ammo —
Dunyoni qizishib aldarkan har kech,
O‘ziga zarracha sochmadi ziyo —
O‘zini bu sahna o‘ynamadi hech.

Sizga rahmim kelar. Yig‘laysiz tolib,
Kaftingizdan toshar qarsaklar becho‘g‘.
Ne qilay, dunyoda qarsaklar qoldi,
Sahna yo‘q, azizim,
Sahna, axir, yo‘q.

Uring peshonamga gulingiz bilan,
Zaldan ho‘ngrab chiqing — gullarni bosib.
Men bunda qolaman, yolg‘iz qolaman,
Yo‘qlikning ustiga o‘zimni osib.

Bir mahal sukunat chalar arg‘anun,
Qop-qora jimlikda hayajon toshar.
Sahna, bilmam, qaydan qaytadi — majnun
Va meni tun bo‘yi qilar tomosha.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

31 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sahna muhabbat sadoqat yolg'izlik qarsak gul tomosha parda sir chiroq
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari