She'rda sokin va go'zal oqshomlarning birida hind diyorida bo'lib o'tgan ajoyib mushoira - shoirlar musobaqasi, ya'ni she'riyat bayrami tasvirlangan. Tadbirning o'ziga xos jihati shunda ediki, u muhtasham zalda emas, balki shundoqqina tabiat qo'ynida - hind xalqi odatiga mos ravishda oddiygina chodirda bo'lib o'tadi. Bir tasavvur qiling-a, bir yoqda oqshom sururi, bir yoqda gullar hidi, bir yoqda salqin shabboda va bir yoqda shoirlar bahsi davom etmoqda...
Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!