Usmon Azim uchun shoirlik kasb emas. U shoir zimmasida juda katta mas'uliyat bor deb hisoblaydi. Uning nazarida, shoirning vazifasi faqat uch-to'rt so'zni qofiyalab qo'yish, bir-ikki kitob chop ettirishdan iborat emas. Shoir butun dunyoning dardini terib ketmog'i lozim. U bir daqiqaga bo'lsin, o'z jonini, huzur-halovatini o'ylashga haqqi yo'q. Shoir bu dunyo uchun butun dunyo ahlini uyg'otishga qodir bo'lgan bir qo'shiq berishi lozim. Shundagina u shoir degan nomga munosib bo'ladi.
Dunyo va hayot haqida har kim o'z falsafasiga ega. Ammo insoniylik qiymati shundaki, u faqat bu dunyoni emas, balki oxirat hayotini ham o'ylab yashaydi va ezgu amallar qilmoqqa intiladi. Zero, ana shu ezgu amallar insonning bu dunyoda yaxshi nomga, oxiratda esa ajr-u mukofotga erishuviga sabab bo'ladi. Mazkur she'r buning aksi o'laroq yo'l tutganlar qismati haqida hikoya qiladi.