Bu she'r ayol sha’niga, sadoqat hurmatiga, fidoyilik hikmatiga bitilgan qo‘shiqday jaranglaydi. Hissiy shiddat, hayajon po‘rtanasi, so‘zlarda nafas olayotgan jon kitobxonni larzaga soladi. Bunday she’rlarni tuyg‘u tug‘yonlarisiz o‘qish mumkin emas. Bu she’r har qanday, hatto johil odamning ham yuragidagi qorong‘u burchaklarni yorita oladi. Unda balqigan toza samimiyat odamlarni bir-biriga yanada samimiyroq qiladi, insonga toza nazar bilan qarashni o‘rgatadi. Poklik qadriga yetishga undaydi.
Kutilmaganda notanish odamdan kelgan xat insonga qanday ta'sir qilishi mumkin? Buning ustiga xatda g'ayrioddiy so'zlar bitilgan bo'lsa... Albatta, bu xat mazmuni va xatni olgan insonning o'sha paytdagi holatiga bog'liq. Zero, bunday maktublar inson kayfiyatiga jiddiy ta'sir etibgina qolmay, uning hayotini butunlay yangi o'zanga burib yuborishi ham mumkin. Ushbu hikoya bu fikrning yaqqol isbotidir.