Mazkur she'rda befarzand ayol iztiroblari g'oyat ta'sirli ifoda etilgan. She'rda dardkashlik ruhi sezilib turadi. Muallif ayolning hech kimga nolimay, taqdirdan shikoyat etmay jimgina hayot kechirishi, Alloh bergan sinovlarga chiroyli sabr qilib, dardlarini ichiga yutib yashashini ko'rsatar ekan, ayolning irodasi va matonatiga hayratda qolasiz. Ko'nglingiz tubida unga farzand tilab duo qilasiz...
Ushbu g’azalni o’qir ekansiz, unda ifodalangan oshiqning samimiy so’zlari sizni beixtiyor o’ziga maftun etadi. Yor o’z jafolari bilan oshiqqa qancha zulm qilmasin, oshiq uchun bu azoblar ham rohat bo’lib tuyuladi va buning uchun yorga “Sallamno - tasanno” deydi.
Tarji’band Muhammad Alixonga shikoyat shaklida yozilgan. Og’izdan-og’izga o’tib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, Uvaysiy Qo’qonda Nodirabegim in’om etgan hovlida yashab turganida, Qashqardan kelgan Hasan degan uysiz baqqolga omonatga joy beradi. Biroq u ko’p o’tmay, tovlamachilik yo’li bilan ushbu hovlini o’ziniki qilib olishga erishadi...