Sahifa yuklanmoqda . . .
Guljamol Asqarova She'rlari - Aziz foydalanuvchi! Agar siz hayotning past-u baland yo'llari aro kezib, dunyoning sho'rishlaridan toliqqan bo'lsangiz, bizga qo'shiling va ko'ngingizni ezgu hislarga oshno eting! Ushbu to'plamdan o'zbek va jahon she'riyatining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni dunyo tashvishlarini bir on bo'lsa-da unutib, tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.
Topmoq va yo’qotmoq. Hayotning eng oddiy, eng jo’n qonuni. Topmoq shirin, yo’qotmoq achchiq. Topsak suyunamiz, yo’qotsak kuyunamiz. Ammo faqat kamdan kam insonlargina har narsada bir hikmat borligini anglab yetadilar. Agar siz ham bu hikmatni bilmoqni istasangiz, mazkur she’rni mutolaa qiling.
Yurakning tub-tubida bo’luvchi ba’zi tuyg’ularni ta’riflamoqqa so’z topilmaydi. Chunki qanchalar chiroyli, qanchalar yoqimli so’z aytmang, uning nasifligi, shaffofligiga zarar yetkazayotganday bo’lasiz. Shu bois ushbu she’rga ta’rif bermaymiz. Zero, u ta’rifdan tashqarida. Uni faqat o’qish va his qilish mumkin…
Hayot nega buncha berahm? Umr nega buncha beshafqat? Vaqt ne uchun bunchalar shoshqin? Ko’pincha unda inson baxt manzili sari yo’lga otlanadi. Bu yo’lda ne-ne kurashlar, sinovlar, mashaqqatlarga duch kelib, ularni sabr-u sabot bilan yengib o’tadi. U hayot dashtlarida emaklab, sinov tog’lariga tirnoqlari bilan tirmashib chiqib yo’l qidiradi – baxt izlaydi. Ammo… shunday onlar ham bo’ladiki, inson o’ylanib qoladi, baxtli bo’lishga kechikdimmi deb…
Baxt va armonning mezoni mavjudmi? Kim baxtli va kim baxtsiz ekanini bexato topa oluvchi kishi ham bormikan dunyoda? Axir har bir inson ochilmagan kitob, javobi topilmagan jumboq. Ko’pincha biz baxtiyor deb havas qilgan odamlarning hayoti armonlarga belangan, umri to’la gul deganimizning yo’li to’la tikan, boshidan nur yog’ilib yashayapti deganimizning dilidan qon sizib yashayotgan bo’ladi. Demak, insonning asl haqiqatlarini yolg’iz Alloh, keyin esa bandaning yolg’iz o’zi biladi…
Ayriliq. Poyonsiz dard, cheksiz iztirob. Biroq ko’pincha oshiq ko’ngil buni qabul qilolmaydi va shu bois yordan judolik azoblarini tan olmaydi. To’g’rirog’i, u boshqalarga bu holni “yaxshi bo’ldi” deb izohlar ekan, bunga ko’proq o’zini ishontirgisi keladi. Ammo uning har bir kalomi ostida beadad g’am, tabassumi ortida ko’zyoshi yashiringan bo’ladi.
Ushbu she’r muhabbatning shirin azoblari mahsuli bo’lib, undagi o’ynoqi ohanglarda ana shu mo’jizakor tuyg’u va u tufayli dilda paydo bo’lgan kechinmalar tarannum etilgan. Shoira o’z yoriga qarata chin dildan “San o‘zing do‘stijonim, Ham o‘zing qasdi jonim”, der ekan, bu iqrorning o’ta samimiyligi va sofligidan zavq tuyasiz.
Muhabbat shunchalar kuchli tuyg’uki, ayolning mo’jazgina, beozorgina ko’ngliga u zalvorli keladi. Ishq ayol uchun tuganmas baxt, taqdirning oliy mukofoti bo’lishi bilan birga, bemisl dard va iztirob hamdir. Boz ustiga bu muhabbat javobsiz bo’lsa, qalbdagi iztiroblar dil nolalariga aylanadi va yurak qoni bilan qog’ozga to’kiladi…