Mazkur she’rda suyganiga yetolmagan lirik qahramonning ruhiy qiynoqlari badiiy aks topgan. Unda butun olomon bir taraf, oshiq yurak esa mutlaqo boshqa taraf.
"Yashash kerak, sevish shart emas!" deb hisoblaydigan kimsalar uchun ishq va vafo to‘g‘risidagi gaplar deyarli hech narsani anglatmaydigan - «bekorchi safsata»dir. Ular jismning begona bo‘lishi ruhning begonalashuvini aslo anglatmasligini hech tan olgilari kelmaydi. Biroq she’rning lirik qahramoni uchun hayot qoidasi boshqacha: "Sevish kerak... yashash shart emas!"
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?! Dunyo - sinov maskani. To tirik ekan, odamzot Yorga yeta olmaydi. Biroq o'lim ham hali Yorga yetmoqqa kafolat emas. Yorga yetmoq uchun bu dunyo o'nqir-cho'nqirliklari uzra to'g'ri yo'lni - Yor dargohiga olib boruvchi yo'lni bexato topib, so'ng shu yo'ldan ilgari yurmoq lozim. Bu esa anchayin mashaqqatli va mas'uliyatli vazifa, har bir mo'minning insoniylik burchidir...