Sahifa yuklanmoqda . . .
Ov - Asarlar - ov so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Baxt nima o'zi? Uning biror bir o'lchovi bormi? Bor,albatta. Faqat bu mezon har kim uchun har xil. Kimlar uchundir doimiy bo'lgan turmushning aqalli yuzdan birini his qilishning o'ziyoq kim uchundir buyuk baxt. Binobarin, chinakam baxt bag'rida yashayotgan kishi o'zini baxtsiz his qilishi va aksincha, kimlardir og'ir sharoitda ham o'zini baxtli his qilishi mumkin. Ushbu hikoya qahramoni ham komil ishonch bilan "Men dunyodagi eng baxtli insonman!" deydi. U chindan ham baxtlimidi? O'qib, o'zingiz xulosa qiling.
Ota o'z qizi uchun nimalarga tayyor deysiz?! Boz ustiga, onasidan erta yetim qolgan ko'ngli yarim qizining baxti uchun ota eng og'ir mashaqqatlarni-da bo'yniga olishga qodir bo'ladi. Ushbu hikoya qahramoni ham keksayib qolganiga qaramay, qizining kelajagi uchun yozuvchi bo'lishga qaror qiladi va bu yo'lda ko'plab sinovlarni boshdan kechiradi...
Inson qadri. Aslida uni hech narsa bilan o'lchab ham, qiyoslab ham bo'lmaydi. Sababi inson - eng oliy xilqat. Ammo ba'zi insonlar inson qadrini uning puli, martabasi, shon-shuhrati va egallab turgan lavozimi bilan o'lchaydilar. Ushbu asar ham inson qadri haqida mulohaza yuritishga undovchi ibratomuz hikoyadir.
Siz g'ayrioddiy voqealarga ishonasizmi? Axir biz har kuni odatiy voqealarni boshdan kechirishga o'rganib qolganmiz. Ammo bu g'ayrioddiy hodisalarni inkor etishga asos bera olmaydi. Mazkur hikoya ham dunyoga dong'i ketgan adibning ana shunday g'ayrishuuriy mavzuda bitgan asaridir.
"Odamlarga beg'araz kulgi ulashib, ularning qalbidan g'uborlarni ketkazuvchi hazil chinakam hazil, aks holda, u bema'nilikdan o'zga narsa emas", deydilar. Ushbu hikoya qahramonlari ham katta odamlar bo'lishiga qaramay, ana shunday bema'nilikni o'ziga odat qilgan kishilardir. Hikoya bilan tanishish jarayonida ba'zi hazillarning tagi zil ekaniga o'zingiz ham amin bo'lasiz.
Sog'inch nima o'zi? Dilga g'am berib, tuganmas azob keltiruvchi davosiz dardmi? Yoki insonning bardoshini toblab, irodasini baquvvat qiluvchi kuchmi? Butun umr sog'inch azobiga mahkum etilgan insonlar baxtsiz kishilarmikan yoki kimnidir sog'inib va ayni damda kimdir sizni sog'inayotganini his etib yashashning o'zi ham bir baxtmi? Ushbu she'rda ana shu sirli tuyg'u - sog'inch manzarasi ifoda etilgan.
Tilla baliqcha dunyoga keldi-yu, og'ir muhit uni o'z girdobiga oldi. Qizig'i shundaki, u boshqa maskanlarni ko'rmagani bois shu muhitga ko'nikdi va sokingina yashay boshladi. Ammo isyonkor shoir qalbi bu holga ko'nikolmadi: "Menga alam qilar, tilla baliqcha bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni", deb hayqirdi u. "Tilla baliqcha" asli kim edi? Adabiyot olamida qizg'in bahslarga sabab bo'lgan mazkur she'rni o'qish orqali xulosani o'zingiz chiqaring.
1942-yil. Ayni urush zabtiga olgan mahallar. Oybek ham barcha vatanparvar insonlar qatori yurt uchun kurashmoqni o'z burchi deb bildi va chinakam qahramonlik namunasini ko'rsatdi. Jang maydoni manzarasi shoirning nozik qalbiga qattiq ta'sir qilgani ayon, ammo u shunday damlarda ham o'z tabiatiga sodiq qoldi. Ushbu she'r ayni jang maydonida yozilgan bo'lishiga qaramay, undagi tuyg'ularning beg'uborligi va ifodaning nafisligi o'quvchini o'ziga rom etadi.
Inson - eng oliy mavjudot. Inson - tabiat gultoji. U o'zida shunday xazinalarni jo aylaganki, bundan hatto o'zi ham bexabardir. Ammo u o'z iymonini yo'qotar ekan, eng tuban jonzotga aylanib qolishi ham mumkin. Bilaks, ba'zan hayvonlarda shunday ezgu fazilatlarni ko'rib qolamizki, ularni insonlarning barchasida ham ko'rish imkonsiz. Mazkur hikoyani o'qigach, bunga o'zingiz ham amin bo'lasiz.
"Kecha tog'ang berib ketgan zog'oradan ikkitasini olib qo'yganman, birgalashib choy ichamiz", "Voy o'lay, qutlug' uydan quruq ketasanmi, bolam? Bir nima olib ket", "Xayr, o'g'rigina bolam, kelib tur". Bu tunda uyini o'marish uchun kelgan insonga uy sohibasining aytgan so'zlari edi. Voajab! Kim o'g'riga bunday munosabatda bo'ladi?! Buning ustiga urush davrining og'ir qahatchiligi damlari bo'lsa... Javob bitta: faqat o'zbek ayoli!
Hikoya oydin kechalarning birida Zaynab kampirning cho'chib uyg'onishi tasviri bilan boshlanadi. Hamma tinch va xotirjam uyquga tolgan bir mahalda kimdir o'ksinib-o'ksinib yig'lar edi. Qora tun qo'ynida orom topa bilmagan insonning kim ekanligi haqida xayol qilgan kampir to'satdan yig'layotgan insonning o'z kelini ekanligini bilib qoladi. Yosh kelinchakni tun o'rtasida yig'lashga nima majbur qildi?