Inson hayotida shunday damlar bo'ladiki, umr yo'llari aro odimlashdan bir dam to'xtab, ortiga nazar solgisi va bosib o'tgan manzillarini bir-bir sarhisob qilgisi keladi. Bunda inson goho amalga oshirgan ezgu ishlari, erishgan yutuqlari, olgan saboqlarini ko'rib quvonsa, goho bilib-bilmay qilgan xatolari, yanglishish va yo'qotishlarini o'ylab, qalbi mahzun bo'ladi. Ushbu she'r ham ana shunday falsafiy mushohadalar ifodasidir.
“Sokin isyon”... Bu ikki so'z aslida bir qozonda qaynamaydi − sokinlik isyonni, isyon sokinlikni inkor etadi. Hech ham qovushmaydi ular go'yo. Lekin Shavkat Rahmonning o’zini shaxsan tanigan, yaqindan bilganlar bu ikki ters holat uning shaxsiyatida nihoyatda munosib ravishda qovushganini, bir-biri bilan rosa chiqishganini ko'radi. Shoirning bu sokin isyoni qayg'uli yoki g'azabga minilgan onlardagina emas, balki “eng baxtiyor lahzalarda ham” so'nmaydi. Chunki uning tuyg'ulari yuzada emas...