Shoirning ona zamin qismati haqidagi alamli o‘ylari «Sirdaryo o‘lani» she’rida o‘ziga xos tarzda ifodalangan. Bu she’r xalq o‘lanlari ruhi, ohangida bitilgan: bir tomonda ona daryoning go‘zal ta’rif-tavsifi, ikkinchi tomonda shoirning daryoning hozirgi holati, achchiq qismatidan bezovtaligi, tashvish-zorlari. Undagi o‘ta samimiy, cheksiz mehr, o‘kinch to‘la satrlar xuddi xalq o‘lanlaridagi kuygan dilning o‘tli zorlari singari o‘quvchi qalbining tub-tubigacha yetib boradi, uni titroqqa soladi...
Sharq mumtoz she’riyatida qasidalar asosan podshohlar, amir-u xonlar sha’niga, ular tomonidan qilingan xayrli ishlarni olqishlash maqsadida bitilardi. Erkin Vohidov esa ona xalqi — O‘zbegimga qasida bag‘ishlaydi! Bu ijodiy jasorat yana shunisi bilan muhimki, u yozilgan paytlari sobiq sho‘ro mamlakatidagi barcha millatlar «sovet xalqi» degan umumiy, sun’iy nom bilan atalar, odamlarning muayyan millat vakili ekani bilan faxrlanishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasdi....