Bu g’azal shoh va darvesh munosabati haqidagi yaxlit bayonnoma – dastur! Unda shoir shoh va darvesh orasidagi tubsiz jarlikday ko’ringan tafovutni bir-birini rad etuvchi dalil-misollar bilan ajoyib tarzda, hayajon, shavq bilan qiyoslab ko’rsatar ekan, tasavvufning jasoratbaxsh g’oyalaridan biri – darvesh shohdan afzal va ulug’, shuning uchun darvesh shohga emas, shoh darveshga muhtoj, degan fikrni ehtirosini yashirmay, qizg’in ma’qullaydi.
Bu she'r pokiza va nafis muhabbat qissasidan so'zlaydi. Undagi oshiqlar ko'cha-ko'yda yetaklashib yurmaydi, bir-biriga behayo ko'zlar bilan termulishmaydi. Ular muhabbati ham o'zlari kabi go'zal. Lirik qahramonning oddiygina hayotiga nur bo'lib kirib kelgan bu malak shunchalar hayoli, shunchalar pokizaki, oshiq uning suratiga boqib, "Meni suyasizmi?" deya so'roqlagani uchun hatto surati ham qizarib ketadi...