Bu she’rda imon, e’tiqod, halollik yo‘liga tushgan solih inson ruhiy holati aks etgan. Lirik qahramon atrofidan ezgulik nishonalarini izlaydi va topolmagani uchun unga olam kir, sovuq, vayrona holida ko‘rinadi. Bu holat shoirni muvozanatdan chiqaradi, umidsizlantiradi. U olam tartibotining asosi, mavjudlikning mohiyati haqida og‘ir va xavotirli o‘yga botadi...
"Sobiq" hikoyasida yozuvchi jamiyatimizda, halol kishilarning xatti-harakatlarida paydo bo‘layotgan dabdababozlik, nozarur yumushlarga chalg‘ib, kulgili vaziyatlarga tushib qolishi kabi nuqsonlar ustidan yengil kuladi. Katta maqsadlar yo‘lida intilayotgan yaxshi bir mehnatkash insonni asrab-avaylash, uning kuchidan oqilona foydalanish, har bir odam o‘z o‘rnida bo‘lib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi lozimligi kabi masalalar hajviy yo‘sinda tasvirlangan vaziyatlar orqali anglashiladi.