Bahor. Borliqda turfa go'zallik. Olam zarrin nurlar va gullarga burkangan. Barcha bu latofat qarshisida mast. Biroq lirik qahramon qalbi nechukdir bezovta. U atrofidagi go'zallikni yana kimgadir ilinadi. Usiz hayot zavqsiz, olam nursiz, hatto bahor ham g'aribdir. U uchun borliqda faqat bir savol kezadi: "Sen bahorni sog'inmadingmi?.."
Chinakam shoirlar dunyoga boqar ekan, boshqalar payqamagan narsalarni payqab, anglamagan haqiqatlarni anglab, his etmagan tuyg'ularni his etmoqqa qodir bo'ladilar. Xususan, mazkur she'rda ham oddiygina manzara - tog'da gullagan bir tup na'matakka boqib, shoirning dilidan o'tgan kechinmalar, u topgan badiiy kashfiyot - betakror go'zallikni ko'rib hayratda qolmaslikning iloji yo'q.