Ishqi ilohiy, shoir Mashrab o'zi iqror bo'lganidek, unga dunyoga kelgan kunidan beri hamroh edi. Bu ilohiy tuyg'u bilan u dunyo kezdi, sarsonlik va malomat o'qlariga nishonlik azobini totdi va hatto dor ostiga bordi. Ammo buning uchun dilida zarra qadar o'kinch va pushaymonlik tuymadi, aksincha, uning dard-u fikri faqat Yor vasliga yetmoq bo'ldi. Ushbu muxammas ham shoirning o'z sevganiga murojaati - munojotidir.
Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".