Dunyoda nelar unutilmaydi deysiz? Qo'polliklar, achchiq zardalar, tahqirlar - bari-bari bir kun unut bo'ladi. Ammo yoshlikda bergan ko'ngil qalbda hamon yashar ekan, mayingina aytilgan xayr bir umr inson dilini iztirobga soladi. Eski joylar, tanish ko'chalar sizni o'ziga chorlaydi, xotiralar qalbingizda kuy chaladi. Biroq olislarda shodon qahqahalar yangraydi. Netong? Axir yoshlik hamisha haq...
Chinakam shoirlar dunyoga boqar ekan, boshqalar payqamagan narsalarni payqab, anglamagan haqiqatlarni anglab, his etmagan tuyg'ularni his etmoqqa qodir bo'ladilar. Xususan, mazkur she'rda ham oddiygina manzara - tog'da gullagan bir tup na'matakka boqib, shoirning dilidan o'tgan kechinmalar, u topgan badiiy kashfiyot - betakror go'zallikni ko'rib hayratda qolmaslikning iloji yo'q.