Mazkur tasavvuf yo’nalishidagi ruboiyni shoir bahs asosiga quradi. U mutaassiblik, tarkidunyochilik va quruq toatni rad etadi. Ham ilohiy, ham majoziy ishq mazmunini ifodalashga xizmat qiluvchi Jonona», «mayxona», «soqi-yu paymona» so’zlariga alohida urg’u beradi. Buni ta’kidlash uchun bu so’zlarni qofiyaga olib chiqadi. «Kerak» so’zining radif o’rnida kelishi shoir fikrlariga qat’iylik, izchillik bag’ishlaydi. Ruboiyda tanosub san’ati keng ishlatilgan.
Mazkur g'azalda ajoyib bir manzara chizilgan: shoir gulzorga kiribdi. Anvoyi gullar charx urib, ochilib yotibdi. Yo’q-yo’q, bu shunchaki gulzor emas, gullarning anjumani-yig’ilishi, har bir gul o’zini namoyish etadi, ko’z-ko’z qiladi. Shoir ushbu anjumanda yorning yuzini ta’riflabdi. Gullar xijolatdan-uyatdan qizarib ketibdi. Aslida ular qizil emas edilar, ma’shuqaga qaraganda xunukroq ekanliklaridan uyalib qizargan ekanlar...