O‘zbek xalqi dunyodagi eng qadimgi xalqlardan biri sanaladi. Va bu xalq tarixda misli ko‘rilmagan hodisalarni boshdan kechirgan. Xalqimiz bamisli samandardek barcha sinovlardan omon chiqdi, sharaf bilan chiqdi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, yov kelganda o‘zini chetga olgan, joni shirinlik qilib sha’nidan kechgan, hatto do‘stlarini sotgan kimsalarni ham, afsuski, tarix yoddan chiqarmaydi. Ularning kirdikorlari tufayli yurtning «ado bo‘lmas armonlari, toshlarni yig‘latgan dostonlari» paydo bo‘ldi...
Qadim-qadimdan urushlar tufayli qanchadan qancha odamlar qurbon bo‘lgan, ayollar tul, bolalar yetim qolgan, gullab-yashnab yotgan shahar-u qishloqlar kultepaga aylangan. Shuning uchun ham yuragida odamzodga mehr-muhabbat bo‘lgan har qanday inson hamisha janglarga qarshi chiqqan. "Nido" dostonida ham insoniyat boshiga katta kulfatlar keltiruvchi balo - urush qattiq qoralanadi. Asar avtobiografik xarakterga ega...