Gulruxi ra’noqadim chun bog‘ tavf aylar borib,
Infiolidan guli ra’no qizarib, sarg‘ayib.
Yuz shikof etting tanim, yo‘q edi ko‘nglimdan nishon,
O‘ylakim o‘t topmag‘aylar kulni har yon axtarib.
Ushbu g'azalning o'ziga xosligi shundaki, u ishq quvvatining cheksizligini madh etish yo’sinida borib, maqta’ga kelganda yorning tengsiz go’zalligi va oshiqning unga bo’lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo’lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya’ni odamning ko’ngliga tegishli tuyg’ular ko’ngil kabi pinhon bo’lgani ma'qul.
Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.