Mumtoz o‘zbek she’riyatida kiprik, odatda, ayol go‘zalligini tasvirlashda poetik obraz sifatida qo‘llanib kelgan. Mirtemir Sharq mumtoz adabiyotining bu doimiy poetik obrazlaridan biriga mutlaqo o‘zgacha g‘oyaviy yuk bag‘ishladi. U o‘zi parvarishlab o‘stirayotgan ijodkor yoshlarni kipriklarim deb atadiki, natijada kiprik poetik obrazi an’anaviy obraz darajasidan ko‘tarilib, yangi zamonaviy mazmun bilan sug‘orildi.