Sahifa yuklanmoqda . . .
Muhammad Sulaymon o'g'li Fuzuliy G'azallari - Mumtoz she’riyatda g’azal shoirning salohiyati ko’lamini anglatuvchi asosiy janr hisoblangan. Har bir ijodkorning maqomi uning g’azalchilikdagi mahorat darajasi bilan belgilangan. Shuningdek, devon tuzishda ham g’azal alohida mavqe kasb etgan. O’tmishda g’azal yozmagan ijodkorning devon tartib berishi mumkin bo’lmagan. Mazkur to'plamdan g'azalnavis ijodkorlarimizning eng sara g'azallari o'rin olgan.
Ushbu g’azal Fuzuliy she’riyatining yuksak cho’qqilaridan biridir. Unda Alloh jamoliga chin dildan intilgan oshiq holati butun shiddati, to’foni, harorati bilan berilgan. Darhaqiqat, vasl beradigan shifoning qadrini hajr sababli bemor bo’lgan oshiqdan, zavq-shavqning tiniqligi va shirinligini yor diydoriga tashna odamdan so’ramoq kerak.
Oshiqlar hamisha yorning vafosizligidan shikoyat qilib kelganlar. Avvalo, bu yerdagi yorning ham, vafoning ham ma’nosi g’oyat keng. Bu umrning vafosi, dunyoning vafosi, davlatning vafosi va hokazo. Bularning bari bitta maxrajda -Allohda to’liq jam bo’ladi. Lekin shoir o’z niyatini naqadar istig’no bilan ifoda etmoqda: hamma bemorlari dardiga darmon topib berayotgan jonon nega uning holiga parvo qilmaydi? Uni kasal hisoblamaydimi? Axir, hijron tunida sham emas, uning joni yonmoqda, giryon ko’zlaridan yosh o’rniga qon oqmoqda.