Sahifa yuklanmoqda . . .
Sog'inch - Asarlar - sog'inch so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Muhabbat qanchalar totli azob! Muhabbat qanchalar dardli saodat! Sevmoq og'riq, sog'inmoq g'am, hislarni dilda pinhon tutmoq azob, ishqdan bebahra dillar malomatiga sabr qilmoq mashaqqat, sevgan insonini yo'qotib qo'yishdan qo'rqib yashash dard, ayriliq azobiga bardosh bermoq, kelishiga umid juda oz bo'lgan insonning yo'llariga butun umr ko'z tikib o'tmoq, u bilan xayolan gaplashmoq nima ekanligini faqat bu hisni tuygan kishilargina anglay oladi... Mazkur she'rda ham yori bilan xayolan suhbat qurayotgan ayolning dilidagi dardli savollar aks etgan.
"Shu kunlarda bahorga zorman"... Qiziq, shoira bahor deganda nimani nazarda tutdi ekan? Yoshliknimi? Muhabbatnimi? Yorqin hislarnimi? Ilhomnimi? Yoxud sevgan yoriga bo'lgan sog'inchni ifoda etdimikan u? Bu haqda darhol hukm chiqarib yuborishdan yiroqmiz. Har bir o'quvchi mazkur she'r mutolaasi orqali o'z fikr-mulohazalariga ega bo'lgani ma'qul...
«Sog‘indim» radifli g‘azal shoiraning o‘g‘li Muhammadxonning sarbozlikka yuborilishi munosabati bilan farzandidan judo onaning iztiroblari, sog‘inchini aks ettiradi.
Ushbu mustazod Shermuhammad Munisning g'oyat san'atkorlik bilan bitilgan asari bo'lib, unda oshiqning mahzun va ayni damda o'z holidan mamnun holati ustalik bilan tasvirlangan.
Sog'inch nima o'zi? Dilga g'am berib, tuganmas azob keltiruvchi davosiz dardmi? Yoki insonning bardoshini toblab, irodasini baquvvat qiluvchi kuchmi? Butun umr sog'inch azobiga mahkum etilgan insonlar baxtsiz kishilarmikan yoki kimnidir sog'inib va ayni damda kimdir sizni sog'inayotganini his etib yashashning o'zi ham bir baxtmi? Ushbu she'rda ana shu sirli tuyg'u - sog'inch manzarasi ifoda etilgan.
Bahor. Borliqda turfa go'zallik. Olam zarrin nurlar va gullarga burkangan. Barcha bu latofat qarshisida mast. Biroq lirik qahramon qalbi nechukdir bezovta. U atrofidagi go'zallikni yana kimgadir ilinadi. Usiz hayot zavqsiz, olam nursiz, hatto bahor ham g'aribdir. U uchun borliqda faqat bir savol kezadi: "Sen bahorni sog'inmadingmi?.."