Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".
Tuyuq mazmunini quyidagicha izohlash mumkin: «Yo rabbim, bu asalmi, shakarmi, yo labmi? Yo u sanam asal, shakar yalabdimi? Jonimga tinimsiz (payvasta) o’qlar otmoq uchun g’amza (noz-karashma) o’qini qoshiga (qoshning yoyga o’xshashligiga ishora) joylabdimi?» Tuyuqning butun tarovati «yolabdurur» so’zi ifodalagan turli ma’nolar ichiga yashiringan.