Tabiat va Odam... Ular asli bir tushuncha. Sababi inson ham asli tabiatning bir bo'lagi. Inson tabiat bag'rida tug'iladi, o'sadi, kamol topadi, vafot etadi. Bobolarimiz aytganlaridek, yerdan yaraldik va o'lganimizda ham yer bizni o'z bag'riga oladi. Shu bois ham tabiatni ona deb ataymiz. Ammo afsuski, ko'p hollarda inson ana shu ona tabiatga qarshi ish tutadi. Hayotning bir adolatli qonuni bor: har bir amal javobsiz qolmaydi. Ezgulik ezgulikni, yovuzlik yovuzlikni taqozo qiladi...
Bolalik inson hayotining eng go'zal, eng beg'ubor damlaridir. Biroq bu beg'ubor osmonni qora bulutlar qurshab olsa, nima bo'ladi? Bolalikda sodir bo'lgan har bir voqea murg'ak vujudning xotira daftariga o'chmas harflar bilan bitiladi. Bordi-yu bolakay mash'um hodisaga guvoh bo'lsa, bu uning qalbida bir umr jarohat bo'lib qolishi shubhasizdir. Ushbu hikoya avtobiografik xarakterga ega bo'lib, unda yozuvchining og'ir bolalik xotiralari qalamga olingan.