Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Xushro'ybibi va Zaynab

Xushro‘ybibi Zaynabning egachisidir. Mohirabonu-dan ikki o‘g‘ul va ikki qiz dunyog‘a
kelib, to‘ng‘uchi Azimbek, undan keyingisi Xushro‘y (yoshlig‘ida Xushro‘y o‘rniga Xushra
der edilar), uchunchisi Karimbek va to‘rtinchisi bizning Zaynab edi. Zaynab egachisi
Xushro‘ydan yetti yosh chamasi kichik edi. Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan
talashib tushkan bo‘lsalar ham, sajiya — xarakterda tanib bo‘lmasliq darajada birbirlaridan
farqlik edilar. Sajiyadagina emas, surat va siymo vajida ham katta o‘zgaliklari
bor edi.
Xushro‘y uzun bo‘ylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va
oq tanlik edi. Xush-ro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va o‘nta
so‘zga arang bitta javob qaytaradirg‘an edi. Xushro‘yning ko‘zi o‘ynab, har sekuntda o‘n
yoqqa alang‘lar edi. Singlisi bo‘lsa birav bilan betma-bet kelib so‘zlashqanida ham ko‘zini
hamisha bir nuqtadan uzmas edi. Xushro‘yga bolaliq chog‘idayoq uy ichi va qo‘ni-qo‘shni
«shaddod» deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo‘lsa-bo‘lsin, aytkanini qildirmay
qo‘ymas, agar birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xudda boshig‘a
kiyib olar edi. Shuning uchun Xushro‘yning ra’yini bilmasdan qozon osilmas, unga
yoqmagan gapka og‘iz ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi.
Zaynab egachisining aksicha o‘z yaqinlaridan «pismiq» deb ism olg‘an, onasi bo‘lsa
achchig‘i chiqg‘anda «ming‘aymas o‘lgur» deb uni qarg‘ar edi. Ayniqsa quyida zikr
qiladirg‘an holimiz bu ikki opa-singilning xarakteridagi farqlarini ochib ko‘rsatish uchun
yetadir:
Mohira oyim har bir hayitdan birar oylar ilgari eriga aytib bolalarig‘a kiyimlik oldirar
edi. Oldirg‘an kiyimlik Xushro‘yg‘a yoqmasa darrav yaramag‘anini aytib almashdirib
berishka dadasini majbur etar va ko‘ngli-dag‘ini hosil qilib tinchir edi. Ammo Zaynab
bo‘lsa o‘ziga kelgan kiyimlikka qarshi boshda bir narsa demas, kiyimlik bichilib va tikilib
ham arafa kunlari kelib yetkandan keyin hurpayib hech kim bilan so‘zlashmay qo‘yar edi.
Mohira oyim qizining birarta ishdan norozilig‘ini payqab «Ming‘aymas, pismiq o‘lgur,
tag‘in nima jin urdi seni?» deb so‘rag‘anida, Zaynab qovoq-dudog‘ini solib bir og‘iz ham
javob bermas edi. Nihoyat ertaga hayit degan kuni Zaynabning hurpayishi yig‘i bilan
almashar va yig‘i orasi maqsad ochilsa ham ko‘pincha natijasiz qolar edi. Birar joyga
mehmondorchiliq uchun boradirg‘an bo‘lsalar, Xushro‘y hammadan ilgari e’lon etar edi:
«Men ham boraman!» Albatta uni qoldirib ketish uchun endi hech kimda had yo‘q.
Ikkinchi vaqt: «Men bormayman!» Bu taqdirda uni bir qadam siljitilsin-chi! Ammo
Zaynab onasi bilan yangasi Hanifa bir joyga otlanadirg‘an bo‘lsalar, «boraman,
bormayman» demas, ular ham yig‘lamag‘an bolag‘a sut berilmas qabi-lidan
indashmasdan mehmondorchilikka ketar edilar. Kechqurun qaytib kelsalar bir burchakda
Zaynab yig‘lab o‘lturipti:
— Nega yig‘laysan?
— Nega meni birga olib ketmadingiz...
Zaynabning shu fe’li balog‘atka yetib, erga tekkandan keyin ham o‘zgarmadi.
Otabekning Zaynabka bo‘lg‘an munosabatini o‘qu-g‘uchig‘a albatta so‘zlagulugi yo‘q.
Eri unga oylab, yil-lab qaramay qo‘yg‘anida ham ul ih deb tovush chiqarmadi.
Otabekning bu holiga qarshi chiqg‘uchi va Zaynabni yo‘l-yo‘ruqqa solg‘uchi yana faqat
 O‘zbek oyim ediki, buning sababi ham izzatlik o‘qug‘uchimizg‘a bir daraja ma’lum bo‘lsa
kerak. Sut bilan kirgan jon bilan chiqar deganlaridek, O‘zbek oyimning o‘shal
vaqtlardag‘i tash-viqotlari ham uning tarafidan faqat «kelinlik» majburi-yati ostida qabul
qilinar, masalan, qayin ona — «falonchi domlag‘a borib mundog‘ qil, Zaynab», deb
buyur-mag‘uncha o‘rnidan qo‘zg‘almas va shuning bilan birga erining tashlab qo‘yishi
to‘g‘risida onasi, egachisi va boshqa yaqinlarig‘a churq etib og‘iz ochmas edi.
Zaynabning bu holiga hukman — «erining qarash va qaramaslig‘i uning uchun farqsiz
edi» deb aytish albatta to‘g‘ri bo‘lmaydir. Chunki kundashining Toshkandga kelish
xabarini eshitkan Zaynabni biz yuqorida Otabek quchog‘ig‘a tashlang‘an holda ko‘rib
edik. Xulosa, Zaynabning bolaliq vaqti bilan hozirgi holini chaqishdirib qarasaq ko‘ramiz;
yosh Zaynab bir oy ilgari tikilib qo‘yilgan kiyimning o‘ziga yoqmag‘anini faqat arafa kuni
aytib, yig‘laydir, bu kungi Zaynab o‘zining muhabbatini eriga faqat kundashi kelib yetar
oldida e’lon qiladir.
Biz yuqorida yosh Xushro‘y bilan o‘qug‘uchini bir darajada tanishdirgan edik. Endi
uning oila hayoti bilan ham tanishdirishka majburmiz:
Xushro‘yning erga tegishi ham o‘ziga o‘xshash fav-qulodda bo‘lg‘an edi. Masalan
aksariyat qizlarimiz ota-ona kimni muvofiq ko‘rsa, shunga tegishka majburdirlar. Lekin
Xushro‘yniki mundog‘ bo‘lmadi. Xushro‘y o‘n sakkiz yoshka yetkandan keyin unga
sovchilar kela boshlaydirlar. Tabiiy Xushro‘yning fe’lini yaxshi bilgan ota-ona uning
ra’yini olmasdan turib bir ish qilmoqdan qo‘rqadirlar. Olim ponsadboshig‘a ma’qul
bo‘lg‘an necha yigitlar, Mohira oyimg‘a yoqg‘an qancha tegu taxtlik xonadonlar Xushro‘y
tomonidan rad qilina boradir. «Falonchining o‘g‘limi?» deb so‘raydir Xushro‘y va
onasidan javob kutmay: «xudoy ko‘tarsin erni. O‘shanga tekkanimdan ko‘ra, qaro yerga
tekkanim yaxshi!» deydir. Bir necha vaqt shu yo‘sun Xushro‘yning ra’yiga qarab er-xotin
zerikadirlarda, o‘zlaricha bir joyga qudalashmoqchi bo‘ladirlar. Ularning andishasini
bilgan Xushro‘y boshda bunga qarshi bir narsa demaydir. Ammo uzil-kesil fotiha o‘qub,
qudalashish uchun uyla-riga kelgan sovchi va quda xotinlarning oldilarig‘a kelib betlariga
aytadir: «Hali men ersirab qolg‘anim yo‘q, fotiha o‘qub tashvish chekmay uylaringga
jo‘nay beringlar». Mohira oyim bu yuzsizlikdan yer yorilsa yerga kirgundek bo‘ladir.
Sovchilar ersa mundog‘ uyatsiz qizdan alhazar o‘qushib jo‘naydirlar. Albatta ota-onaning
bunga qarshi choralari qarg‘ish va ranjishdan nariga o‘tolmaydir. Og‘asi Azimbekning
Xushro‘y ustiga ko‘targan mushti ham «nega meni urasiz, men falonlik qildimmi?»
degan haqlik so‘z bilan darmonsizlanadir.
Shu voqi’adan so‘ng sovchilar oyoqi uziladir. Xush-ro‘y uchun hech kim og‘iz solmay
qo‘yadir. Chunki boyag‘i sovchilar bu favqulodda muomalani ko‘ringan biravga doston
qilib o‘quydirlar. Mohira oyim ta’naga til ochadir: «Endi dunyodan ersiz o‘tasan, qizim!»
Lekin Xushro‘y hanuz pinagini buzmaydir: «Er qurib ketkan emasdir, xohlasam
ertagayoq erga tega olaman», deydir.
O‘rtadan bir necha vaqt o‘tib Azimbekning o‘rtoqla-ridan bo‘lgan Nusratbek otlig‘ bir
beknikidan xotin ustiga sovchilar keladir. Mohira oyim eridan fikr so‘rash o‘rnig‘a qizig‘a
arz qiladir va Xushro‘y munga qolganda quloq qoqmaydir. Bu roziliqni eshitib otasi va
og‘asi juda so‘yinishadirlar. Zero Nusratbek beklar ichida obro‘likroq kishining o‘g‘li va
hozirgi tutib turg‘an ishi ham ancha dong‘lik bo‘ladir. Shuning uchun uning xotinliq
bo‘lish kamchiligi ham e’tiborg‘a olinmaydir. Fotihaning ikkinchi haftasi to‘y-nikohlari
bo‘lib, Xushro‘yning Nusratbek bilan chodirda qilg‘an birinchi muomalasidan til biriktirib
erga tekkani xotinlarg‘a ma’lum bo‘ladir.
Xushro‘y chodirdan chiqmasdanoq choy tashib, xizmat qilib yurgan kundashiga
kesatuq bilan hujum boshlaydir. Ikkinchi va uchunchi kunlarda to‘ppa-to‘g‘ri kundash
ustiga sapchiydir. Hafta, o‘n kun o‘tmasdan erini o‘z tomonig‘a og‘ishdirib kundashi
 yonig‘a kirgizmayoq qo‘yadir. Ikkinchi va uchunchi haftalarda o‘choqboshini o‘z qo‘lig‘a
olib kundashini ikkita yosh bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir. Nusratbek
bo‘lsa ko‘chaga chiqg‘anda beklik da’vosini qilib, uyiga kirganda Xushro‘ybekka mute’.
Bechora katta xotin Xushro‘yning doimiy hujumiga mahkum qolib, eridan loaqal ikkita
go‘daklari yuzi uchun bo‘lsin marhamat ko‘rmay azoblanadir. Ikkinchi oylardan boshlab
Xushro‘y kundashini bo‘g‘ib urish odatini chiqaradir va o‘rim-o‘rim kundash sochini
alafdek yulib olishdan ham tortinmaydir.
Tamom jonidan to‘ygan bechora kundash uchunchi oyg‘a chidab borolmay eridan
taloq so‘raydir. Noiloj Nusratbek ham unga javob berishka majbur bo‘ladir. Alamzada
bechora ikki go‘dakni eriga tashlab ketmakchi bo‘lg‘anida Xushro‘ydan ochiqchasig‘a shu
gapni eshitadir: «Itdan bo‘lg‘an qurbonliqqa yaramas! Bolalaringdan umidingni uzgan
bo‘lsang, itbachchala-ringni bu uyda qoldir!» Xushro‘yning og‘zidan chiqg‘an bu tahdid
bechora onaning yuragini uyushdiradir. Darhaqiqat, Xushro‘yning bu ishdan ham
toymaslig‘ini aniq bilib, yig‘lay-yig‘lay bolalarini o‘zi bilan birga olib ketadir.
Xushro‘y uch oy ichida tomir yoyib qolg‘an bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab
tinchiydir. Mundan boshqa Nusratbek kabi bir odamni ham o‘z ishoratiga qaratadir.
Endi yetti-sakkiz yil bor, ul o‘z kayficha yashab ke-ladir. Har narsadan ham mamnun,
biroq... Shuncha muddatdan beri ona bo‘lolmag‘anidan xafa, hamma qayg‘u hasrati ana
shu tug‘masliqda. Mundan ikki yilcha burun eri Nusratbek: «Olti yildan beri tug‘maysan,
ko‘r-satmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?» deb kulgan edi, Xushro‘y erining
maqsadi nima ekanini payqab: «Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirg‘an bo‘lsa, bir oz
zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin o‘zim yeyman!» dedi. Shundan keyin
Nusratbek mundog‘ gapni ikkinchi gapirmay qo‘ydi. Darhaqiqat, Xush-ro‘yning bu so‘zini
hazil deb bo‘lmas edi.

Esini kirgizdi

Eson bo'saq ko'risharmiz



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari