Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Quvlanish

Uchinchi kundan buyoqqa qutidorning eshigi tevaragidan Sodiq ayrilmas edi... hozir
kechki soat yettilar bo‘lib qolg‘ani uchun bu kun ham uning kelmasligiga qaror bergan va
ketishni chog‘lar edi, lekin uzoqdan kelguchi birar otliqni ko‘rsa balki shu bo‘lmasin, deb
yana kutib qolar edi. Ahvol bilish uchun bo‘lsa kerak, Homid ham otiga qiyshiq minib
o‘tib ketdi. Savol nazari bilan qarag‘an edi, Sodiq boshini chayqab javob berdi. Nihoyat
qutidor ham kundagi vaqtda bozordan qaytib uyiga kirdi. Vaqt shomg‘a yaqinlashib
qolg‘anliqdan bitta-yarimta do‘konlar ham yopilib, o‘tkunchilar ham siyraksib qoldilar.
Shuncha kutkanning o‘n daqiqasi deb bo‘lsa kerak, ul hamon shu o‘rtada aylanib yurar
edi.
Poyafzal rastasining sharqqa qarab tortilg‘an ko‘chasi boshidan bir to‘da yigitlar
munga qarab kelar edilar. Boshda ul kelguchilarni tanimag‘an edi, yigitlar yaqinlashib
kelgach, o‘zining o‘rtoqlari ekanini bilib o‘ngg‘aysizlana boshladi. O‘zini ulardan yashirish
uchun qutidorning yo‘lagini jo‘blag‘an ham edi, yigitlardan bittasi: «Bu yerda Sodiq nima
qilib yuribdir» deb yubordi, ikkinchi yigit «Sodiqboy, Sodiqboy!» bilan chaqirishg‘a
tutinib, shuning ila Sodiq burilg‘an joyida to‘xtab qo-lishg‘a majbur bo‘ldi.
— Nega bu yerda tegirmonchining ishsiz qolg‘an eshagidek junjayib o‘lturibsan,
Sodiq? — dedi bir yigit. Boshqalar buning so‘ziga kulishdilar. Sodiq ham kulgiga ishtirok
qilib, yigitlarning yaqinig‘a keldi.
— Biravda ishim bor edi, shuni kutib o‘lturibman.
— Sodiq dedi haligi yigit va Sodiqdan «ha» javobini olg‘ach, — burningmi Risolat
xolamning rapidasi? — dedi. Yigitlar tag‘in ko‘chani ko‘tarib kulishib yubordilar.
— Jur, bazmga!
— Qanaqa bazmga?
— Shamshodbekning bazmiga, hali Shamshodbek-ning to‘yidan xabaring yo‘qmi? Jur,
Sodiq jiyanim, basharangmi, do‘lda qolg‘an tappimi?
Sodiq ikkilanib javob berdi:
— Man keyinroq boraman.
— Eh xumsa, — dedi yigit va ariqdan sakrab So-diqning yonig‘a o‘tdi. Andijondagi
Qaymoqxon ham kelibti, bazmi jamshid desang-chi, jur! — Yigit Sodiqni sudray
boshladi. Boshqalar ham uning orqasidan itara ketdilar. Sodiq o‘rtoqlarining jabri ostida
ilojsizgina borsa ham, lekin ikkinchi tomondan kutkanini bu kun ham kelmasligiga qarori
ham yo‘q emas edi. O‘n-o‘n besh otlamdan so‘ng o‘rtoqlarig‘a itartirib o‘lturmasdan o‘z
ixtiyoricha yuriy boshladi. Ko‘chaning janubiga qarab borar edilar. Oradag‘i g‘arbg‘a
qarab tortilg‘an ko‘chani ham bosib to‘g‘rig‘a o‘ta boshlag‘an edilar, uzoq-dan ot yeldirib
to‘g‘rig‘a kelguchi otliqni ko‘rgan Sodiq ko‘chaning o‘rtasida to‘xtadi. Haligi mushtumzo‘r
yigit uni bir turtdi-da: — «Yur, yur, itbachcha, jinni-minni bo‘ldingmi?» deb sudray
boshladi, boshqalar ham unga to‘rt tomondan chug‘urchiqdek yopishdilar. Shunday qilib
«bechora» Sodiqni o‘z xolig‘a qo‘ymay ko‘chadan anchagina nariga surgab ketdilar. Ular
bu ko‘chadan o‘ttuz-qirq adimlab uzoqlashg‘an ham edilar, haligi uzoqda ko‘rilgan otliq
to‘riq yo‘rg‘asini qarsillatib katta ko‘chaga chiqdi va yigitlar kelgan tomong‘a — shimolga
burildi. Sodiq ketar ekan, otliqqa burilib qaradi. Hasanalidan xat olg‘ani borg‘anida
otxonada ko‘rgan qora to‘riq otni tanig‘ani on qo‘ltug‘ig‘a kirib olg‘an ro‘dapodan
qutilishg‘a tirishib boqdi, lekin uhdasidan chiqolmag‘ach, ko‘zini yirtqichlarcha
chaxchaytirib «it emgan da’yus!» dedi qo‘ltug‘idag‘i jonlik kishanga...
 * * *
Uyoq-buyoqdan shom azoni eshitila boshlag‘an edi. Ma’lum otliq qutidorning
darbozasida otini to‘xtatdida, o‘ng oyog‘ini uzangudan uzdi. Shu vaqtda shom
namozidan qolmas uchun shoshilishib qutidor ham yo‘lakdan chiqib keldi. Otini
ko‘chaning o‘rtasida qoldirib, qayin otasi bilan ko‘rishmak uchun yugirgan kuyavi oldida
namozini ham unutkan qutidor dag‘-dag‘ titrab to‘xtag‘an edi. Ko‘rishmak uchun o‘ziga
uzatilg‘an qo‘lni bo‘sh havoda qoldirib, darbozasi yonig‘a bordi. Bunday muomala oldida
Otabekning qanday holda qo-lishi izohka uncha muhtoj bo‘lmasa kerak. Ul turgan joyida
qoziqdek qoqilib qolg‘an edi. Qutidorning oldig‘a yurishnida bilmas, so‘zlashka ham tili
kelmas edi.
— Bu qanday harakat, ota?
Qutidor titroq va hayajonli bir tovush bilan:
— Uyatsizga maning uyimdan o‘rin yo‘q, uyatsiz bilan so‘zlashishka ham toqatim
yo‘q... Boringiz, ma-ning eshigim yonida to‘xtamangiz! — dedi-da, o‘zini ichkariga oldi
va darbozani yopib shildir-shildir zanjirini bog‘lay boshladi...
Otabek esini boshig‘a yig‘ib, mixlang‘an yeridan qo‘zg‘alg‘anda shom namozi o‘qulib
bitkan, kishilar uylariga qayta boshlag‘anlar edi. Ul moshinavori kelib otig‘a mindi va
«chuh» dedi, lekin ot qo‘zg‘almadi. Ikki-uch qamchidan so‘ng tolg‘a bog‘lang‘an tizgin
shart etib uzilib ketkach, boya yurib ketkan otini o‘tkunchilardan bittasining bog‘lab
turg‘anini esladi. «Chuh» dedi. Ot ko‘chaning sharqig‘a qarab ketdi.
Bu ketishda uning hushi o‘zida deb aytish qiyin, shuning uchun otning boshini
qayoqqa qarab solg‘ani ham belgulik emas, ehtimolki unga hozir ot yursa bas bo‘lg‘ay.
Ot ko‘chaning ayrilishig‘a yetib «endi qayoqqa yuramiz» degandek to‘xtag‘an edi, egasi
yana «chuh» deb javob berdi. Ot shimolga qarab burildi. Bu ko‘cha bilan uzoq yurgach,
oltinchi faslda o‘qug‘uchi bilan ta-nishdirilg‘an B... mahallasiga chiqib, ot yana qay
tomonga yurishni so‘rab to‘xtadi.
— Chuh.
Ot ko‘chaning sharqig‘a yurib o‘qug‘uchig‘a ma’lum burchakdagi ikkita eshikdan ham
yana shimolga burib, tor ko‘cha bo‘ylab uzoq ketdi. Vaqt xuftanga yaqinlashib
qolg‘anliqdan qorong‘i o‘bdan tushkan edi. Ot o‘zining bu galgi to‘xtashida egasining
chuh-chuhiga ham sirt berib turib oldi va Otabek ko‘zini ochib yo‘l qarashg‘a majbur
bo‘ldi. Otning tor ko‘chaning nihoyatiga yetib yo‘lsizlikdan to‘xtalg‘anini onglag‘ach,
o‘tkan ishlardan o‘ziga hisob bera boshladi. Qayin otasi eshigida otini yo‘lga solg‘anini bir
oz eslasa ham boshqasini bilmas edi. Har holda Marg‘ilonning chetrog‘idagi boshi berk
ko‘chada va katta bir darboza yonida turg‘anlig‘ini tushundi. Otning boshini burishni-da,
burmasni-da bilmay bir oz o‘ylab to‘xtadi. Ul o‘ylab turg‘anda darboza ichkarisidan ikki
kishining xayrlashib ajralishqanlari sezilar edi. Ichkaridagi oyoq tovushi darbozaga
yaqinlasha bergach, ul chiqg‘uchig‘a xalaqit bermas uchun otining boshini chetka burdi.
Otabek to‘xtag‘an o‘rin to‘rt tomondag‘i imoratlar bilan o‘bdan qorong‘i, shuning uchun
darbozadan chiqg‘uchining faqat boshidag‘i oq sallasidan o‘zgasi ko‘zga ilinmas edi.
Chiqg‘uchi darboza yonida turg‘an otliqdan cho‘chibmi va yo o‘zichami so‘radi:
— Kim otda turg‘an?
— Man, — dedi Otabek va o‘zining mantiqsiz javobidan o‘ng‘aysizlanib tuzik javob
berishka og‘zini jo‘blag‘an ham edi, chiqg‘uchi «siz kimsiz?» degan savol bilan uni
to‘xtatib qo‘ydi.
— Man... bir musofir g‘arib, — deb javob berdi-da, negadir tomishka intilgan ko‘z
yoshisini kuch bilan to‘xtatib qoldi. — Marg‘ilong‘a shom vaqtida kirgan edim, ko‘zlagan
joyimni topolmay adashdim...
 — Qani bo‘lmasa, juring biznikiga, mehmon, — aytkuchining so‘z ohangidan o‘rtoqliq
bo‘yi kelib Otabekning dimog‘iga ursa ham:
— Rahmat sizga, aka, — dedi, lekin uning bu so‘zi ham o‘rinsiz ketkan edi.
— O‘zingiz adashdim, dedingiz-ku, tag‘in qayoqqa bormoqchi bo‘lasiz?
— Sizga og‘ir kelmasa...
— Og‘irlig‘i yo‘q, yuringiz, — dedi va olding‘a tushib Otabekka yo‘l boshladi: — Man
ham sizga o‘xshagan bir g‘arib.
Otabek kishi orqasidan ketdi, oldinma-keyin so‘zlashmasdangina ko‘chaning oyog‘ig‘a
qarab borar edilar. Anchagina yurgach, boshlovchi «otingizga ham joy bor», deb qo‘ydi.
Otabek javob bermadi. Shu ko‘yi so‘zsizgina ko‘chaning burilishiga yetdilar-da, kishi
Otabekni to‘xtashg‘a buyurdi, o‘zi shoshilib o‘qug‘uchig‘a ma’lum Jannat opa eshigining
chap tomonidag‘i ikkinchi eshikni ochish uchun qulfni timiskiladi. Eshikni ochishi bilan:
— Otdan qo‘ningiz, mehmon, — dedi otni Otabek qo‘lidan olg‘ach, — siz xurjiningizni
olib yo‘lakdan to‘g‘rig‘a kiraberingiz, — dedi. Otabek xurjinni ko‘tarib eshikka kirdi, usti
yopiq qop-qorong‘i yo‘lakdan o‘tib kattagina bir havliga chiqdi va xurjunni havlining
o‘rtasig‘a eltib qo‘ydi. Kishi otni burchakdagi usti yopiq oxirg‘ami, sufagami bog‘lag‘ach,
kelib xurjinini oldi.
— Qani ayvong‘a, — deb yo‘l boshladi. Kishi Otabekni o‘tquzg‘ach, tokchadan sopol
lagan bilan qovuqni olib chaqmoq surtdi. Sham’ yoqildi. Bu kishi qirq yoshlar chamaliq,
qonsiz yuzlik, siyrakkina soqollik, qo‘y ko‘z, ko‘b vaqt madrasa riyozatini chekkannamo,
qotma, uzun bo‘ylik bir odam edi. Ayvonning polos va asboblarida uncha boyliq
ko‘rilmasa ham puxta, ozoda, chirk yuqturilmag‘an yo‘sunda yig‘ishtiril-g‘anlig‘idan
egasining rind tabi’atlik ekaniga shahodat bermakda edi. Ayvonning so‘l tomonida
ko‘rilgan bir eshik ila uymi, hujrami, borlig‘i bilinar edi.
Uy egasi Otabekni yaxshilab ko‘z ostidan o‘tquzg‘ach, so‘radi:
— Qorningiz albatta ochdir, mehmon? — Otabekdan javob kutib turmay o‘zi hukum
ham berib qo‘ydi. — Yo‘l bilan albatta ochiqqansiz, savzi-piyoz va go‘shtlarim hammasi
tayyor, faqat o‘choqqa olov yoqsam, xolos, o‘zim ham hali xo‘rak qilg‘anim yo‘q, ko‘b
emas ozg‘ina, bir chimdimgina qilaman. — Otabekning uzriga quloq bermay oshg‘a
urnashka oldi. Otabek endi o‘tkan ishlarni ko‘z o‘ngidan o‘tkuza boshlag‘an edi. Bu kungi
besh daqiqa orasida bo‘lib o‘tkan voqi’ani hech bir yo‘sun bilan miyasiga sig‘dira olmas,
chindan bo‘lg‘an ish deb o‘ylashg‘a aqli bovar qilmas edi. Lekin quloqlari ostida
hozirg‘ina aytilgan «Uyatsizga maning uyimdan o‘rin yo‘q... Boringiz, eshigim yonida
to‘xtamangiz!» so‘zining sadosi qanday bo‘lsa ham unga bir haqiqatni ochiq so‘zlar va
nafsida sezilgan xo‘rlanish va hayajon buni tasdiqlar, bugina emas yuziga yopilg‘an
darboza-ning, shildir-shildir qilib bog‘langan zanjirning sadosi ham bu haqiqatni ta’kidlar
edi. Bundan so‘ng Kumushning zaharlik muammo maktubi bir sidira ko‘z o‘ngidan o‘tib
ketdi. Maktubdagi tushunishi qiyin bo‘lg‘an nukta va ishoratlar yana bir qayta zahar
sochib o‘tkandek bo‘ldilar. Lekin bularning barchasini yig‘ib ochiq-oydin bir natija
chiqarish kuchidan ojiz, go‘yo isitma vaqtida bo‘laturg‘an tuturiqsiz, bog‘lanishsiz alji-bilji
holatni kechirib, ishni bir-birisiga bog‘lay bilmas edi. Ammo hozirgi daqiqada unga eng
ochiq ta’sir etkan narsa: «Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz!» jumlasi bo‘lib,
to‘lqinlang‘an izzati nafsi hamisha «qora ohu ko‘zlarni» ko‘rishka o‘rganmish yurak
ko‘zini xo‘rlik pardasi bilan yashirishg‘a tirishar edi. Voqia’n tug‘ilib erkalikdagina o‘skan,
hayotning dag‘al muomalasidan begona, faqat uning chuchuk so‘zlarinigina tinglab
kelgan Otabekka bu xo‘rlik turmishdan birinchi zarba edi. Shuning uchun Kumushka
bag‘ishlang‘an yurak tugunini yeshilg‘an holda ko‘rar, go‘yo marvarid tugilgan harir
ro‘ymol o‘g‘irliqdan so‘ng oyoq ostlarida bo‘m-bo‘sh yotqandek va egasi shu o‘g‘irlang‘an
javohirotining alamini chekib turg‘andek edi.
 Uy egasi oshg‘a savzi bosib, Otabek yonig‘a keldi, ul boshqa hissiyot va fikrlarini
vaqtinchag‘a unutib, o‘zini tetiklikka oldi. Uy egasi Otabek yonig‘a o‘lturar ekan, so‘radi:
— Sizniki qayerda, mehmon?
— Toshkanddan, mulla aka.
— Ismingiz?
Otabek manglayini qashib olg‘ach, javob berdi:
— Shokirbek...
— Marg‘ilong‘a birinchi kelishingizmi?
— Birinchi kelishim...
— Savdo vajhi bilan kelgandirsiz? — uy egasi Otabekning qiyofat va ust-boshidan
savdogarga o‘xshat-qan edi.
— Yo‘q... Man asli Qo‘qong‘a kelgan edim, ammo Marg‘ilonda otam tanishlaridan
bittasida ozroq olasimiz bo‘lib, shu kishiga uchrashib ketayin, deb Marg‘ilong‘a o‘tkan
edim, — Otabek o‘zining yolg‘on-lashidan o‘ng‘aysizlanib bir oz to‘xtab oldi: — bu
kishining qayer-da turishi manga ochiq ma’lum emas edi va Marg‘ilonda boshqa tanishim
bo‘lmag‘anliqdan va vaqtning kechligidan adashib qoldim...
Uy egasi kuldi:
— Nasibdan qochib bo‘lmaydi, Shokirbek; bu kun kechasi menga mehmon bo‘lishingiz
bor ekan. Uchra-shaturg‘an kishingizning oti nima?
— Komilboy...
Uy egasi o‘ylab turdi-da:
— Bizning bu yaqinlarda bunday kishi yo‘q, ehtimol nariga dahadadir, — dedi va turib
oshig‘a qarab ketdi. Otabek o‘zining qip-qizil yolg‘onlashidan vijdoni oldida qizarindi.
Ammo ul bir tomondan bunga majbur ham edi, chunki uning qutidor bilan qamalish va
o‘lumga hukm etilish tarixi butun Marg‘ilong‘a mashhur bo‘lib, haqiqiy ismini yashirmay
aytkanda, ehtimolki boshqa sirlarni ham ochmoqqa to‘g‘ri kelar edi. Uy egasi qozon
yonig‘a ketkach, ul ham o‘rnidan turib havlig‘a tushdi. Ayvonning narigi yoni bilan
sharqqa qarab kirilaturgan bir yo‘lak orqaliq bir boqchag‘ami, maydongami chiqi-lishini
bilib shu yoqqa yurdi va kichikrak bir mevazorga chiqdi. Kechaning qorong‘ilig‘i ustiga
mevalarning quyuq yaproqlari qo‘shilishib, bu maydon ayniqsa Ota-bekning hozirgi
ko‘ngliga yaqinlashib kelar edi. Uning ko‘ngil mevasi bu kungi qora voqi’a bilan qanday
o‘ralib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa, bundagi daraxtlar ham o‘z mevalarini kecha rangi bilan
bo‘yab, yashil yaproqlari ila ko‘mgan edilar, ya’ni bunda o‘skan daraxtlar qanday meva
beradir — ajratish qiyin edi. Ul shu qorong‘izor bilan qo‘shilishib ketkandek va
qorong‘iliqning quchog‘iga kira borg‘andek mevazorning ichkarisiga yuriy bordi. Va
nihoyat butoqlari bag‘rig‘a solinib tush-kan bir daraxtning ostig‘a o‘lturdi va bu
o‘lturishda uzoq fursat qotib qolg‘andek harakatsiz edi. O‘n besh daqiqalardan so‘ng
ichiga yel qamalg‘an puvvakdek ufff etib yuborgach, o‘rnidan turdi. Boqchaning
kunbotari bilan xarobazor imoratlarni yonlab yurdi.
Otabek ayvong‘a qaytib kelganda, uy egasi oshni damlab bo‘lib ayvonda kutib
o‘ltirmakda edi.
— Otingizga ozroq johori berib qo‘ydim.
— Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, uy egasi nimadir so‘zlamakchi bo‘lsa ham
o‘ngg‘aysizlang‘an sumol Otabekka tikilib-tikilib qo‘ymoqda edi.
— Kasbim to‘qug‘uchiliq, Shokirbek, — dedi uy egasi. Otabek so‘zni tugalmaganligini
bilib, uning og‘zig‘a qarab turar edi:
— Doim zaxda o‘lturib ishlaganimdanmi yoki o‘zimning tabi’atimda zaiflik bormi, ish
qilib nima bo‘lsa ham ko‘p vaqtdan beri bedarmon tortib yuribman,— dedi va davom
etdi, — goho ko‘krak ham og‘rib qo‘yadir. Yaqinlarda tabiblarga ko‘rsatkan edim,
 qoningiz oz, qimiz iching, xo‘rak oldidan maviz isti’mol qiling, deb kengash berdilar.
Ularning kengashi bo‘yun-cha uch-to‘rt kun qimiz va maviz iste’mol qilib boqqan edim,
voqi’an bir muncha foydasi ham ma’lum bo‘ldi. Sizga buni so‘zlab shuni
aytmakchimanki, osh oldidan bir-ikki piyola maviz ichib yuborsam, albatta bunga sizning
qarshilig‘ingiz bo‘lmas-a? — dedi va kuldi.
— Qanday qarshilig‘im bo‘lsin, siz ma’zursiz.
Uy egasi iljaygan holda hujraga kirib, o‘zining ta’biricha may emas, bir ko‘vacha
mavizni olib chiqdi, toqchadan piyola olg‘ach, kelib Otabekning yonig‘a o‘lturdi. Mavizni
piyolaga chulduratib quyar ekan, mehmonga yer ostidan mo‘ralab kulimsirab qo‘ydi.
— Sizning ham ichkaningiz bormi?
— Yo‘q.
To‘g‘risi ham Otabek ichkulukdan qattig‘ hazar qilar va bu kungacha mayni o‘ziga
dushman kabi ko‘rib kelar edi. Uy egasi quygan piyolasini simirib yuborg‘ach,
sezdirmaslik qilib seskanib qo‘ydi va:
— Aniq ichmaganmisiz? — deb yana so‘rag‘an edi, Otabek boshni chayqash bilan
kifoyalandi.
— Qattig‘ uzr bo‘lmag‘anda ichmagan ham ma’-qul,— dedi va ikkinchi piyolani
to‘ldirar ekan, davom qildi,— lekin bu narsa bir tomondan kishining salomatligiga foyda
bersa, ikkinchi jihatdan tiriklikning qayg‘u va alamlarini-da unutdirib turar ekan.
Boshimg‘a o‘lguncha unuta olmasliq qayg‘u-hasratlar tushdi, Shokirbek. Ayniqsa keyingi
yillarda o‘zimga hech bir qayerdan ovinchoq topolmay, nihoyat shu achchig‘ suv bilan
ovinaturg‘an xolg‘a kelib qoldim, — dedi va uzoq tin olib to‘lg‘izg‘an piyolasini oldig‘a
qo‘ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt sukutda qoldilar. Ul ikkinchi piyolani ichkach, Otabekni
diqqat bilan kuzatib chiqdi.
— Agar yanglishmasam, siz ham bir oz qayg‘uliroq ko‘rinasiz mehmon, bir piyolani
ichib yubormaysizmi?
— Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, ammo o‘zida ta’rifi so‘zlanib o‘tilgan narsaga
bir ehtiyoj seza boshlag‘an va o‘zini ham ma’zurlar qatorig‘a qo‘yayozgan edi. Uning bu
holini uy egasi sezdimi yoki sinab ko‘rmakchi bo‘ldimi, haytovur, uchunchi piyolani
to‘ldirib Otabekka uzatdi:
— Qo‘limni qaytarmang, mehmon. Ikkimiz ham ma’zur ko‘rinamiz.
Otabek uzrini aytib, piyolani olmay turg‘an edi, ul ham piyolani uzatqancha kulib
turaberdi.
— Man mavizni tamom shar’iy qilib tayyorlayman, tunov kun mahallamizning oxunlari
ham halollig‘iga fatvo berib ketdilar.
Otabek piyolani olishg‘a majbur bo‘ldi. Uy egasining aytkanidek maviz juda ham tiniq,
yaxshi chiqg‘an ko‘kchoy kabi musaffo edi. Piyolaga uzoq qarab turmay ichib ham
yubordi. Och qoring‘a tushkan o‘tkir may vijj etdirib me’dani qaynatdi-da, tomoq ostini
lovullatmoq-qa oldi. Otabekka birinchi piyolani ichirg‘andan so‘ng, uy egasi oshni
suzishka ketdi.

Baxt va baxtsizlik

Isitma orasida



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari